

Qo'qondagi mag'lubiyatdan keyin “Metallurg”dan uch ochkoni olmasak bo'lmasdi. Aynan shundan kelib chiqqan holda o'yinga tayyorgarlik ko'rdik. Futbolchilarimiz bugun yaxshi o'yin ko'rsatishdi. Gol urish uchun raqib darvozasi oldida qator imkoniyatlar yuzaga keldi. Lekin, barcha vaziyatlarni golga aylantirishni imkoni bo'lmadi. Boz ustiga yetakchi o'yinchilarimizning bir guruhi turli sabablarga ko'ra maydonga tusha olishmadi. Shunga qaramay, muhim g'alabani qo'lga kiritdik. Muxlislarimizni ushbu g'alaba bilan tabriklayman. Shu o'rinda bir gapni aytib o'tishni istardim. Jamoaning ayrim muxlislariga “Navbahor”ning salbiy natijalari kerakka o'xshaydi. Jamoa yutgan paytda bizni maqtashadi. Aksincha omadimiz chopmay imkoniyatni boy bergan paytlarimizda dalda bo'lishni o'rniga oyog'imizga bolta urishga harakat qilishadi. Aslini olganda ashaddiy ishqiboz har qanday holatda ham o'z jamoasiga sodiq qolmog'i kerak. Ana shunday muxlislardan “Navbahor”ni qiyin kunlarda ham qo'llab quvvatlashlarini tilab qolardim. Ana o'shanda “Navbahor” avvalgi mavqeini tiklab oladi degan umiddaman, - deydi Mustafo Bayramov.



