

Bu haqda, tanlov tashkilotchisi Xushnud Xudoyberdiev o'z saytida ma'lum qiladi.
Saytimiz o'quvchilariga shuni ma'lum qilamizki, mazkur blogerlar tanlovida endi siz ham ishtirok etishingiz mumkin.
Tanlov g'oliblari aprel oyining oxirlarida aniqlanadi.
Unda quyidagi nominaciyalar bo'yicha ham g'oliblar aniqlanadi:
1. “Vatanparvarlik mavzusida yozilgan eng yaxshi ish”
2. “O'zbekistonda yoshlar hayotini yoritgan eng yaxshi bloger”
3. “Ijtimoiy muammolarni noodatiy tarzda yoritgan bloger”
4. “IT Blog”
5. “Sog'lom turmush tarzini targ'ib qilgan eng yaxshi bloger”
Aynan mana shu yo'nalish g'olibi "Championat.asia" sayti tomonida aniqlanadi. Unda sportga oid yozilgan har qanday blogpost ishtirok etishi mumkin. Istang futbol, istang boks, istang kurash.
Bloger finalga qadar yetib bormasada, musobaqaning aynan shu mavzusiga ko'ra ishtirok etgan o'quvchilardan biri sayt tomonidan rag'batlantiriladi.
“Sog'lom turmush tarzini targ'ib qilgan eng yaxshi bloger” yo'nalishida g'alaba qozonishni istagan o'quvchi, avvalo O'zbekiston sportiga katta e'tibor qaratishi lozim bo'ladi. Xorij sporti haqida blog yozishingiz mumkin, ammo O'zbekistonga tegishli bo'lsa, unda g'olib chiqish imkoniyatingiz oshadi.
G'olib, 500 ming so'm miqdorida mukofotlanadi.
Albatta haqli savol tug'iladi: tanlovda qanday qatnashish mumkin? Tanlov shartlari bilan qayerda tanishsa bo'ladi?
Ushbu savollarga to'liq javobni tez kunda albatta etkazamiz. Hozircha tanlovda qatnashishga doir eng kerakli ma'lumotlar bilan o'rtoqlashmoqchi edik:
Tanlovda barcha ishtirok eta oladi: shaxsiy blog yuritadiganlar ham, umuman blogi yo'qlar ham. Blogi mavjud bo'lmagan ishtirokchilarning qatnashish shartlarini keyinroq ma'lum qilamiz;
Tanlovda o'zbek va qoraqalpoq tillarida yozilgan ishlar qabul qilinadi;
Tanlov 3 bosqichda o'tkaziladi. 1-bosqichda ishtirokchilar soni cheklanmagan, 2-bosqichda eng yaxshi 30 nafar bloger saralab olinadi, final bosqichida esa 10 nafar bloger kuch sinashadi;
Tanlovning birinchi bosqichida qatnashish uchun 2014 yil 1 apreldan 2015 yil 1 aprelga qadar yozilgan blogpostlar taqdim etilishi mumkin. Shu sababli, tanlovga start berilishini kutib o'tirmasdan, bemalol bugundan blog yozishga kirishishingiz mumkin;
Tanlovning birinchi bosqichiga 3 tagacha ishlar taqdim etish mumkin;
Blogerlar istalgan ko'rinishda blogpost yozishi mumkin. Blogpost hajmi cheklanmagan. Blogpost shakliga (matn, foto, video, audio va h.k.) ham cheklov yo'q. Bu blogerning o'z uslubiga va kreativligiga havola.
Blogerlarga qulaylik yaratish maqsadida, agar sizning biron bir blogda sahifangiz bo'lmasa, u holda "Feysbuk" tarmog'ida yozilgan ijodingizni ham taqdim etishingiz mumkin.



