Mirko Yyelichich: “Birinchi navbatda hakam aybdor, ikkinchidan esa o'zimiz”

1 noya 2026, 19:14
Superliga 26-tur doirasidagi "Lokomotiv" - OKMK (1:2) o'yinidan so'ng "temiryo'lchilar" bosh murabbiyi Mirko Yelichich matbuot anjumanida ishtirok etdi.

– Jamoamiz futbol o'ynashga tayyor edi va o'yinni juda yaxshi boshladi. Biroq natija biroz ko'ngilsiz bo'ldi. O'ylashimcha, biz uch ochkoga munosib edik, ammo birorta ham ochko ololmadik. Bu – futbol. Bazida yaxshi o'ynab, hech narsaga erisha olmaysiz, bazida esa yomon o'ynab ham uch ochkoni qo'lga kiritish mumkin. Bugun bizga omad kulib boqmadi.

– Shogirdlaringiz o'yin oxirida, xuddi birinchi davradagidek, so'nggi daqiqalarda gol o'tkazib yubordi. Gol o'tkazib yuborilgan vaziyatda futbolchilar hakamlarga etiroz bildirishdi, lekin hakam hushtagigacha kurashmagan futbolchilarning o'zida ham ayb yo'qmi? Ular oxirigacha o'ynamasdan, to'xtab qolishdi. Umuman olganda, bu vaziyatga qanday qaraysiz? 

– Birinchi navbatda, hakam aybdor, ikkinchidan esa biz. Nima uchun? Hakamning xatosi maydon markazida sodir bo'ldi, bizning xatomiz esa o'z darvozamiz oldida kuzatildi. Demak, ikkita xato bo'ldi. Balki hakam vaziyatni ko'rmagandir, bu meyoriy holat. Men o'sha vaziyatdan besh metr uzoqlikda turgan edim. To'p taxminan bir metrga maydondan chiqib ketgani yaqqol ko'rinib turgandi. Ular vaziyatni qanday baholashadi, bilmadim. Texnologiyalar va aniq detallar yo'q. Umuman olganda, to'p aniq bir metrcha autga chiqqan edi. Bunday tarzda yutqazish alam qiladi. Bu birinchi xato edi. Nima bo'lganda ham, biz jamoa sifatida bunday vaziyatlarda qanday harakat qilish kerakligini hal qilib olishimiz zarur. 

– O'yin turlicha o'tdi. Birinchi bo'lim juda qiziqarli bo'ldi, ikkinchi bo'limda esa har ikki jamoaning himoyasi hujumdan ustunlik qilgandek tuyuldi. Har ikki tomon juda ehtiyotkorlik bilan harakat qildi. Savolim quyidagicha: Odatda “Lokomotiv”da zaxiradan futbolchilar maydonga tushganda, jamoa hujumda kuchayadi va faollashadi. Nima sababdan bugungi o'yinda almashtirishlardan so'ng jamoa raqibga etarlicha bosim o'tkaza olmadi? Bunga OKMKning ko'rsatgan o'yini sabab bo'ldimi? 

– Vaziyatlar turlicha bo'ladi. Zaxirada o'tirgan futbolchini o'yinga tayyorlash oson emas. Bazida bu ish beradi, bazida esa yo'q. Bugun almashtirishlar bizga unchalik yordam bermadi. Biz raqibning himoya chizig'i charchagan va ular yuqoriroq o'ynayapti, deb o'yladik. Shu sababli qanotlardagi tezlik bizga yordam beradi, deb umid qilgandik. Biroq hammasi biz xohlagandek bo'lib chiqmadi. Asosiy rejamiz raqib himoyasi ortidagi bo'sh hududlardan foydalanish uchun maydonga yangi kuchlarni tushirish edi. 

– Jamoa kubok o'yinida "Neftchi"ga bir bo'limning o'zida to'rtta gol urgan edi. O'sha chiroyli g'alabadan so'ng, mana, ikkinchi o'yinda jamoa g'alaba qozona olmayapti. Hujumdagi imkoniyatlardan avvalgidek foydalana olmayotganingizning sababi nima? “Lokomotiv” bor kuchini kubok o'yiniga ishlatib bo'ldimi? 

– Bunga javob berish qiyin. Buning uchun “futbol xudosi” bo'lish kerak. Bazida o'xshaydi, bazida yo'q. Buni mahoratga yoki omadga yo'yish mumkin. Turli o'yinlarda turlicha vaziyatlar bo'ladi. Statistika har doim ham hamma narsani hal qilmaydi. Ellikta vaziyat yaratib, faqat bitta gol urishingiz yoki umuman ura olmasligingiz mumkin. Bazida esa beshta vaziyatdan to'rttasini golga aylantirish mumkin. Hammasi vaziyatga bog'liq. Bugun ham, o'tgan o'yindagi kabi, bizda ko'plab imkoniyatlar bo'ldi, ammo ulardan foydalana olmadik. “Qizilqum” himoyada yaxshi harakat qildi. Ularning qanday o'ynaganini ham tan olish kerak. Agar vaziyatlar yarata olmayotgan bo'lsangiz, mana shunisi yomon. Ko'plab vaziyatlar yaratayotganimiz esa kelajakda natija yaxshi bo'lishiga umid beradi. 

– Noyabr oyida “Andijon” bilan ikki marta – bittasi chempionat doirasida va yana biri Kubok uchrashuvida o'ynaysizlar. Asosiy e'tiborni va kuchni Kubok o'yiniga qaratasizlarmi yoki har ikki o'yinga ham bir xil yondashasizmi? 

– Biz uchun buning farqi yo'q. Biz har bir o'yinga bir xil yondashamiz. Biz uchun eng muhimi – jarayon. Ortiqcha hissiyotlarsiz, shunchaki jarayonga va tayyorgarlikka e'tibor qaratamiz. Bu o'rtoqlik o'yini bo'ladimi yoki Kubok yarim finalimi, biz uchun farqsiz. Biz har kuni imkon qadar maksimal darajada tayyorgarlik ko'ramiz. 

– Kelajakka nazar tashlab, shunday savol bermoqchiman. Siz statistikaning ahamiyati yo'q dedingiz, bunga qisman qo'shilmayman. So'nggi oltita o'yinda “Lokomotiv” OKMKdan ketma-ket olti marta mag'lubiyatga uchradi. O'zbekiston Kubogi finalida “Lokomotiv” – OKMK qarama-qarshiligi bo'lish ehtimoli bor. Kubokdagi maqsadlaringizdan kelib chiqib aytganda, OKMK sizlar uchun haqiqatan ham shunchalik noqulay raqibmi? 

– Yo'q, umuman unday emas. Biz boshqa ko'plab jamoalarni qanday baholasak, ularni ham shunday baholaymiz. Ular faqat ochiq futbol o'ynashga tayyor bo'lgan jamoalardan biri. Bugun biz ularga qarshi xotirjam besh-oltita gol urishimiz kerak edi, ammo uddalay olmadik. Agar Kubok finalida ular bilan o'ynaydigan bo'lsak, bu juda yaxshi, biz uchun hech qanday muammo yo'q. O'yinlarga keladigan bo'lsak, ularga qarshi birinchi o'yinda ham so'nggi daqiqalarda yutqazib qo'ygandik. Bugun ham shunday bo'ldi. Lekin o'ylashimcha, har ikki o'yinda ham biz ushbu raqibdan ko'ra yaxshiroq harakat qildik. Shunga qaramay, agar finalda ular bilan to'qnash kelsak, biz faqat xursand bo'lamiz.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia