"Milliy" stadionda yuzaga kelgan qarzdorlik haqida

Xayrulla Xoliqov
17 avg 2018
Avvaliga "Bunyodkor", endi "Milliy" deya nomlanayotgan stadionda yuzaga kelgan kommunal to'lovlar bo'yicha qarzdorlik haqida saytimiz orqali xabar bergandik.

Xabaringiz bor, bir necha kun davomida aynan qarzdorlik sabab "Milliy" stadionda suv, gaz va elektr energiyasi taminoti uzilib qoldi. Ammo tez orada qarzlar to'lanib, bu muammo bartaraf etildi.

Bizga ma'lum bo'lishicha, qarzdorlik quyidagi holatga ko'ra yuzaga kelgan. Yani, "Milliy" stadion mamuriyati (!) ayni paytda "Bunyodkor" futbol klubiga tegishli emas. Oddiy qilib aytganda, "Bunyodkor" futbol klubi alohida, stadion esa alohida o'zining yillik smetasiga ega. Lekin ham klubni, ham majmuani moliyalashtirish, shuningdek ishchi-xodimlarning maoshini to'lab berish "O'zbekneftegaz" kompaniyasi qo'lida.

"O'zbekneftegaz" rahbariyati bir yil mobaynida stadionni taminlash uchun 5 milliard so'm ajratish haqidagi smetaga qo'l qo'ygan, ammo stadion mamuriyati rahbari Vohid Zokirov bu pul kamligini aytgan holda tegishli hujjatga imzo chekmagan. Natijada kompaniya kerakli miqdordagi pulni o'z vaqtida stadion hisob-raqamiga o'tkaza olmagan.

Qars ikki qo'ldan chiqadi deganlaridek, smetani tasdiqlashda har ikkala tomon imzosi kerak bo'ladi. Ammo stadion mamuriyati rahbarining hujjatga imzo chekmasligi tufayli kommunal to'lovlardan qarzlar yig'ilib boravergan va qarzdorlik ko'payib ketishi oqibatida stadionda suv, elektr energiyasi taminoti uzib qo'yilgan. Bu haqda bizga "Bunyodkor" PFK bosh direktori Murod Aliev ma'lumot berdi.

Ma'lum bo'lishicha, yaqinda stadion hisob-raqamiga "O'zbekneftegaz"dan pul kelib tushdi va buning natijasida barcha kommunal to'lovlar to'landi. Endilikda "Milliy" stadionda doim elektr energiyasi, suv va gaz bo'lishi aytilmoqda. 

"Bunyodkor" PFK rahbariyati jamoaga befarq bo'lmagan muxlislarni bugun bo'lib o'tadigan "Bunyodkor" - "So'g'diyona" uchrashuviga chorlab qoladi. O'yin 20:30da boshlanadi.  


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia