"Men ogohlantirgandim" demayman, lekin...". Tebas "Manchester Siti" ishiga munosabat bildirdi

Sherzod Nurmatov
28 sen 2026, 15:15
La Liga prezidenti Xaver Tebas "Manchester Siti"ning APL moliyaviy qoidalarini buzishda aybdor deb topilgani haqidagi xabarlardan so'ng bayonot bilan chiqdi.

Mustaqil komissiya Angliya klubiga qo'yilgan 115 ta moliyaviy qoidabuzarlik ayblovining 114 tasini isbotlangan deb topdi. Aniq jazo choralari hozircha tasdiqlanmagan. "Manchester Siti" apellyaciya berishi kutilmoqda.

Tebas hali 2017 yilning sentyabr oyida Manchestyerdagi Soccerex anjumanida "Manchester Siti" va PSJni tilga olib, Yevropa futbolidagi "moliyaviy doping" haqida ochiq gapirganini eslatdi.

"Manchester Siti" mening bayonotlarimni ochiqchasiga “asossiz” va “sof uydirma” deb atadi hamda menga qarshi sudga davo arizasi kiritish imkoniyatini o'rganayotganini ma'lum qildi. Bu yoqimsiz edi. Ammo ma'lum bir poziciyalarni himoya qilish menga tahdidlar, tanqidlar va ko'plab noqulayliklar olib kelishi na birinchi va na oxirgi holat edi. 2017 yildagi o'sha chiqishimni va undan keyin sodir bo'lgan voqealarni yodga olar ekanman, buni “Men ogohlantirgandim” deyish uchun qilmayapman. Buni shunchaki bu voqea ko'p yillardan buyon olib borayotgan kurashimni juda yaxshi tushuntirib berishi uchun eslayapman", – deb yozdi Tebas o'z ijtimoiy tarmoqlarida.

La Liga rahbarining so'zlariga ko'ra, ma'lum bir badal to'lashni talab qilsa ham, himoya qilishga arziydigan tamoyillar mavjud.

"Yuz bergan voqealar futbolning yaxlitligi va barqarorligini himoya qilish uchun nima sababdan iqtisodiy nazorat, shaffoflik va barcha uchun yagona qoidalar zarurligini yana bir bor isbotlaydi. Biz ushbu tamoyillarni himoya qilishda davom etamiz. Xuddi 2017 yildagidek", – deya qo'shimcha qildi u.

“The Athletic” ma'lumotlariga ko'ra, "Manchester Siti" endi jarima, ochkolarning olib tashlanishi, sovrinlardan mahrum qilinish va Chempionshipga tushirib yuborilish xavfi ostida qolmoqda.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: The Athletic