

Jamoamiz safarda “Oqtepa”ga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Quyida mazkur uchrashuvda to'p surgan futbolchilarning xatti-harakatiga to'xtalib o'tamiz.
O'tkir Yusupov, 90 daqiqa. O'tkazib yuborilgan birinchi golda O'tkirni ayblash qiyin, chunki gol penaltidan urildi. Ikkinchi golda esa uning xatosi bordek. Har holda jarima to'pi tepilayotganda ko'p narsa darvozabonga bog'liq. Umuman olganda, Yusupov o'yinni o'rtacha o'tkazdi.
Dilyaver Vaniev, 90 daqiqa. “Mashal” sardori bu o'yinda shiddat ko'rsatgani bilan jamoasi o'yinini boshqara olmadi. Ikkinchi golda aynan u darvozabon bilan birgalikda himoyachilarni boshqarishi kerak edi.
Viktor Klishin, 62 daqiqa. Harakatlari bilan ajralib turishga intildi. Klishin – yaxshi hujumchi va o'yinni o'qiy oladi. “Oqtepa” bilan o'yinda ham gol urishga harakat qildi, biroq omadi kelmadi. O'rtacha saviyada to'p surdi.
Bahodir Murtazoev, 28 daqiqa. Zaxiradan tushib 28 daqiqa o'ynadi. Raqib futbolchilari unga deyarli imkon berishmadi. Hammasi Bahodirning o'z qo'lida, harakat qilsa, bemalol “Mashal”ning Del Perosi bo'la oladi.
Shahzod Shaymanov, 62 daqiqa. Shaymanov negadir maydon markazida raqibga bosim o'tkaza olmadi. U go'yoki o'zi uchun to'p surayotgandek. Shaymanov imkon bo'ldi deguncha uzoq masofalardan zarba berib turishi kerak. Faqat zarbasidan so'ng to'p o'yinchilarga tegib qaytmaslik sharti bilan.
Durbek Kamolov, 28 daqiqa. “Alanga”dan qaytgan ushbu futbolchimiz sekin-asta jamoa o'yiniga kirishib ketsa ajab emas. Ammo “Oqtepa”ga qarshi bahsda o'zidan kutilgan o'yinni namoyish qila olmadi. Balki bunga jamoaga yaqinda qaytgani sabab bo'lishi mumkin.
Oybek Polvonov, 90 daqiqa. Bu futbolchi ham birinchi bosqichni “Alanga”da o'tkazdi. Oybek “Paxtakor-2” bilan qanday o'ynagan bo'lsa, “Oqtepa” bilan ham shunday o'yin ko'rsatdi. Harakatlari bir qarasang chakki emas, lekin ko'p hollarda to'pni yo'qotishi yoki bo'lmasa nokerak joyda raqibiga oldirib qo'yishi ortiqcha.
Eldor Shomurodov, 70 daqiqa. Har tugul gol urishga erishdi. Eldor 70 daqiqa to'p surgan bo'lsa, shu vaqt ichida raqib himoyasini sarosimiga solib tura oldi. Bu esa hujumchi uchun eng muhimi.
Zohir Qo'ziboev, 20 daqiqa. Qo'ziboev maydonda 20 daqiqani o'tkazdi. Asosan havodagi kurashlarda ishtirok etdi. Uni tushirishdan maqsad gol urib jamoaga g'alaba keltirish edi. Lekin bu ishni uddalay olmadi.
Jamshid Hasanov, 70 daqiqa. Jamshid birinchi taymda sal faolroq harakat qildi, lekin ikkinchi bo'limda uning ham o'yini qovushmadi. Aniroqi raqib futbolchilari uni butkul “yopib” qo'yishdi. Natijada o'zidan kutilgan o'yinni namoyish eta olmadi.
Ixtiyor Toshpo'latov, 10 daqiqa. Ixtiyorga ham nimadir yetishmayotgandek. U zaxiradan maydonga tushib ko'p o'ynamadi. Qolaversa, oxirgi zarbani berishda aniqlik yetishmadi.
Xolmurod Xolmurodov, 88 daqiqa. Xolmurod o'yin davomida bir xil harakat qildi. Afsuski, uning ham o'yinida “portlash” kuzatilmadi. Aslida-ku, qanot yarim himoyachilari tez-tez “portlab” turishlari kerak. 88-daqiqada kizil kartochka olgani esa ham o'ziga, ham jamoaga jabr bo'ldi.
Abbos Shodmonov, 90 daqiqa. Shodmonov ham o'zidan kutilgan o'yinni ko'rsata olmadi. Harakatlarida rang-baranglik kuzatilmadi. Ikkinchi taymda deyarli ko'rinmay qoldi.
Sherzod Fayziev, 90 daqiqa. “Mashal” darvozasiga penalti belgilanishiga sababchi bo'ldi. Lekin gap bunda emas. Aslida u o'yinni boshqalarga nisbatan birmuncha yaxshi o'tkazdi.
Salamat Quttiboev, 90 daqiqa. Salamatning negadir o'yini qovushmadi. Murabbiylar uni goh himoya markaziga, goh qanotga qo'yishmoqda. Bizningcha, Quttiboev qanotda ancha faol harakat qiladi. Chunki bunda hujumga qo'shilish imkoniyati ko'proq yuzaga keladi.



