Marat Miftaxutdinov: "Abramov ruhiy tomonlama ancha cho'kib qolgandi"

Narzulla Saydullayev
6 dek 2013, 18:30
Vadim Abramov bilan birga Astana klubida ishlaydigan Marat Miftaxutdinov bilan suhbatlashishga muvaffaq bo'ldik.
- Marat aka, Abramov Astana murabbiylar shtabida Miftaxutdinov ham bo'ladi, dedi. Bu siz uchun kutilmagan chorlov bo'ldimi?
- Albatta, Qozog'iston vice-chempioni bo'lgan klubda ishlayman, deb sira o'ylamagandim. Bir tomondan juda qiziq. Hozir Qozog'iston futboli haqida ma'lum manoda tasavvurga egamizu, lekin bevosita o'sha jarayonda qatnashish qiziqarli bo'lsa kerak.

- Abramovning uslubida ko'proq psixologik tayyorgarlik ustun turadi. Shuningdek, hujumkor futbolga ham moyillik kuchli. Bu uslub yangi jamoasi o'yinida ham qo'llaniladimi?
- Bu ikki o'yin uslubidan tashqari, to'pni ushlash, nazorat qilish, texnikaga asoslangan futbol namoyish etishga ham e'tibor qaratamiz. Qozog'iston futbolida shu narsalar yetishmaydi. Asosan hujumga e'tibor berib, darvozaga zarba beraverishadi. Abramov nimani qanday o'ylasa, shuni amaliyotga tadbiq etadi.

- Siz so'nggi mavsumni Mashalda o'tkazdingiz. Shu klubda bir paytlar ishlab ketgan Viktor Kumikov ayni paytda Qozog'istonning Shaxtyor jamoasini boshqaryapti. Qarag'andaliklar YCHLdan so'ng Yevropa Ligasida ham ishtirok etishyapti. Bu mutaxassis bilan gaplashib ko'rmadinglarmi?
- Yo'q. Lekin uning fikrlari biz uchun qiziqarli bo'lardi. Balki, u asosiy raqiblaridan biriga ma'lumot bermas.

- Qozog'iston futbolini biznikidan ustun qo'ya boshlashdi. Bu fikrlarga qo'shilasizmi?
- Bizning futboldan kuchli, deya olmayman. To'g'ri, moliyaviy jihatdan baquvvat klublar ko'p. Qozog'iston UEFAga o'tganidan so'ng mamlakat futbolida g'arb futboliga xos elementlar paydo bo'ldi. Lekin umumiy olganda, O'zbekiston oliy ligasi biroz bo'lsada ustunroq ko'rinyapti.

- Mashal rahbariyati kyetishingizga qanday munosabat bildirdi?
- Yangi ish joyimda omad tilashdi. Muborakda istedodli murabbiy ishlayapti. Uning ish uslubini ham hurmat qilaman.

- Astanada qayerda yashaysizlar?
- Hozircha klub bazasidan joy ajratishgan. Sharoitlar a'lo darajada. Alohida uyga ko'chib o'tishga hojat yo'q.

- Abramov murabbiylar shtabida yordamchilarining fikrini inobatga oladimi?
- Bo'lmasamchi. Barcha ish hamjihatlikda amalga oshiriladi. O'yindan oldin bizga o'z tarkibimizni berishni so'raydi. Keyin o'zi tuzib chiqqan tarkib bilan taqqoslab ko'radi.

- Eronga qarshi o'yindan keyin yuzaga kelgan iste'fodan so'ng Abramov tushkun holatga tushgani aniq. Hozir murabbiy o'zini qanday his qilyapti?
- Uzoq muddat davolandi. Ruhiy tomonlama ancha cho'kib qolgandi. Bir yilga yaqin sevimli kasbda ishlamaslik bu juda og'ir. Ammo Karlenovich bu sinovlarni engib o'tdi.

- O'zbekistonda murabbiylar reytingi tuzib chiqilsa, shaxsan siz Abramovni nechanchi o'ringa qo'yardingiz?
- (Biroz o'ylanib)... Birinchi o'ringa. U bilan birga ishlayotganim uchun bu fikrni bildirmayapman. U terma jamoada murabbiylik qilgan davrda bosh jamoamiz yorqinroq, hujumkor o'yin namoyish etardi. Abramovning iste'fosi kutilmagan holda ro'y berdi. Nazarimda, uni rahbariyat qo'llab-quvvatlashi kerak edi. Vadim Karlenovich 4-saralash bosqichiga qur'a tashlangandayoq, bu guruhdan chiqishimizga ishongandi.

Kamoliddin Alimov suhbatlashdi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia