

Avvalroq Bunyodkor Jasur Jaloliddinov transferidan tushgan mablag'ni ishlata olmayotgani haqida xabar berilgandi. Bunga sabab qilib transfer ustida turgan tomonlarning asl transfer hujjatini topilmayotgani takidlangandi.
Daryoga ma'lum bo'lishicha, moskvaliklar futbolchi transferi uchun toshkentliklarga mashg'ulotlar kompensaciyasi uchun normadan kamroq pul to'lagan bo'lishi mumkin. Lokomotiv klubi Bunyodkorga Jaloliddinovning mashg'ulot kompensaciyasi sifatida 130 ming evro o'tkazgan. Shuningdek, uchinchi tomon futbolchi uchun yana 200 ming AQSH dollari miqdorida pul tashlab bergan. Faqatgina Bunyodkor asl hujjatning yo'qligi sabab bu mablag'larni o'z hisob raqamiga to'liq o'tkaza olmagan.
Shu erda savol tug'iladi: Lokomotiv aslida Bunyodkor futbolchisi uchun qancha kompensaciya to'lab berishi kerak edi? Mutaxassislar ma'lumotiga ko'ra, kompensaciya masalasida FIFA har bir konfederatsiya uchun, shuningdek, har bir davlat uchun alohida-alohida 4 xil ko'rinishdagi summa belgilagan. UEFA davlatlari uchun 2019 yilgi holatga ko'ra bu summalar mos ravishda 90 ming, 60 ming, 30 ming hamda 10 ming evro etib belgilangan.
Rossiya klublari keyingi uch yo'nalish bo'yicha kompensaciya to'lashlari belgilab qo'yilgan. Bunda Rossiya Premer Liga klublari ikkinchi guruh bo'yicha, yani, yiliga 60 ming evrodan haq to'lashlari kerak. Lokomotiv Chempionlar Ligasida to'p suradigan jamoa sifatida aynan ikkinchi yo'nalishda summani hisoblashi mantiqan to'g'ri bo'ladi.
Ammo Bunyodkorga kompensaciya to'lashda uchinchi guruh summasi - 30 ming evro inobatga olingan. Qoidaga ko'ra, futbolchining 12–15 yoshdagi mashg'ulotlari uchun 4-guruh bo'yicha haq hisoblanadi, yani, har yili uchun 10 ming evrodan - umumiy 40 ming evro. Shuningdek, 16, 17 va 18 yoshining har biri uchun 30 ming evrodan umumiy 90 ming evro hisoblangan. Jami - 130 ming evro.
Agar Lokomotiv 2-guruh bo'yicha haq to'lashi kerak bo'lsa, u holda 16, 17 va 18 yoshi uchun 60 ming evrodan hisoblanishi kerak bo'ladi. Shunda umumiy summa 130 ming emas, balki 220 ming evroni tashkil qilgan bo'lardi.
Takidlash lozim, FIFA tizimiga Lokomotiv Jasur Jaloliddinov hamda Bunyodkor o'rtasidagi shartnomaning bekor bo'lgani haqidagi hujjatni joylashtirgan. Bunda na mashg'ulot kompensaciyasi summasi va transfer narxi ko'rsatilgan. Kelib chiqadiki, futbolchi uchun 200 ming AQSH dollari uchinchi tomon tarafidan Jaloliddinov bilan shartnomani bekor qilish uchungina Bunyodkorga to'lab berilgan. Rossiya nashrlari esa Jaloliddinov uchun Lokomotiv 1 million evrodan ko'proq chiqim qilgani haqida ma'lumotlar berilgan.
Norasmiy manbaga ko'ra, Bunyodkor klubi futbolchining mashg'ulotlari uchun aslida qancha mablag' olishi kerakligi masalasida o'z yuristlari bilan ishlayapti. Agar Lokomotiv chindan ham 2-guruh bo'yicha pul to'lashi kerak bo'lsa, Bunyodkor bu borada FIFAga arz qilishi mumkin bo'ladi. 200 ming dollarni esa asl hujjat topilganidagina qo'lga kiritishi mumkin bo'ladi.


