"Liverpul" vakillari Angliya terma jamoasi himoyachisining agenti bilan uchrashdi

Sherzod Nurmatov
15 yanv 2026
Qishki transfer oynasi avjida va markaziy himoyachi Mark Gexi bir vaqtning o'zida bir nechta klublar uchun juda jozibali transfer hisoblanmoqda.

"indykaila News" ma'lumotlariga ko'ra, chorshanba kuni, 14 yanvar sanasida "Liverpul" vakillari markaziy himoyachi va uning agenti bilan uchrashgan. Mersisaydliklar futbolchini "Manchester Siti"ga o'tishdan qaytarishga va o'z safiga qo'shilishiga ko'ndirmoqchi.

Yaqinda "Arsenal" ham "Kristal Pelas" himoyachisi uchun kurashga qo'shilgani haqida xabarlar tarqalgandi. 25 yoshli ingliz futbolchisining shartnomasi joriy yil yozida yakunlanadi, bu esa "kanonirlar" e'tiborini tortgan asosiy omillardan biri hisoblanadi.

Qayd etish joizki, Mark Gexi ushbu mavsum "burgutlar" safida 25 o'yin o'tkazib, 2 ta gol urgan va 3 ta golli uzatmani amalga oshirgan.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: indykaila News