LegionerUz. Odil Ahmedov jamoasi taslim qilgan klub Fozil Musaevning “Jubilo Ivatasi”dan ustun keldi

Va nihoyat Yaponiya Jey Ligasida ham yangi mavsum start oldi. Sizga ma'lumki, o'zbekistonlik futbolchilar uchun kunchiqar yurt eshigini ochgan ilk qaldirg'och Fozil Musaevdir.

Musaev to'p suradigan “Jubilo Ivata” o'tgan mavsumni 6-o'rinda yakunlagandi. Klub bilan 2+1 ko'rinishidagi shartnomaga imzo chekkan Musaeevning aytishicha, bu mavsum rahbariyat “Jubilo Ivata”ning oldiga 5-o'rindan pastga tushmaslik vazifasini qo'ygan. Ko'rinishidan esa bu oson bo'lmaydi.

Chunki jamoa mavsumdagi ilk o'yinda katta qiyinchilikka duch keldi va “Kavasaki Frontale”dan engildi - 0:3. Gollarning barchasi birinchi bo'limda kiritildi. Musaevning aytishicha, bo'lim boshida “Jubilo Ivata” futbolchilari 2 ta qulay imkoniyatni, aniqrog'i, darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatlarni havoga sovurgan. Mehmonlar bunga gol bilan javob qaytargach, ruhiy ustunlik to'laligicha “Kavasaki Frontale” tomoniga o'tgan. Ikkinchi bo'limda esa vaziyatni o'nglashning imkoni bo'lmagan. 

Musaev shu kuni 70-daqiqada almashtirildi. Bu mavsumdagi ilk rasmiy o'yin ekani klubga pand bergan ko'rinadi. Chempionlar Ligasida Yaponiya sharafini himoya qilayotgan “Kavasaki Frontale” esa tayyorgarlikni ancha ilgari boshlab, xalqaro maydonda 2 ta o'yin o'tkazib ulgurgandi. Birinchisida jamoa Odil Ahmedov to'p suradigan “Shanxay SIPG” klubini o'z maydonida qabul qilib, 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi. Keyin esa Koreyada “Ulsan Xyundai” klubidan engildi - 1:2. Jey Liga mavsumi esa omadli chiqdi.

Championat.asia statistikasi

29 yoshli Fozil Musaev o'tgan mavsum “Jubilo Ivata”ning chempionatdagi 31 ta o'yinida maydonga tushdi. Jami 2657 daqiqa to'p surgan o'zbekistonlik yarim himoyachi 4 ta gol urishning uddasidan chiqqandi. Bu yil ham asosiy tarkib a'zosi ekanligini isbotlayapti. “Jubilo Ivata”ning keyingi o'yini 3 mart kuni “Nagoya Grampus” maydonida o'tadi. O'zbekiston milliy terma jamoasining yig'iniga kelguniga qadar Musaev jami 6 ta o'yin o'tkazgan bo'ladi. Demak, ungacha u formasini anchagina tiklab oladi.


Manba: championat.asia