La Liga hakamlarini tanqid qilgani uchun "Real"ga nisbatan ish ochildi

Omonjon To`xtamirzayev
27 fev 2025, 19:32
Ispaniya chempionatidagi hakamlikdan arz qilgan "Real Madrid" klubiga nisbatan surishtiruv ishlari boshlandi.

"Real" 3 fevral kuni o'zining rasmiy saytida Ispaniya qirollik futbol federatsiyasiga (RFEF) La Liga doirasidagi "Espanol" (0:1) bilan o'yindagi hakamlik ustidan shikoyat qilib, hakamlar muntazam ravishda klub zarariga qarorlar chiqarayotganidan noroziligini va Ispaniyada hakamlik tizimini butunlay yangilashga chaqirgan.

11 fevral sanasida La Liga madridliklar xati yuzasidan RFEF tartib-intizom qo'mitasiga murojaat qilgan. 25 fevral sanasida RFEF La Liga etirozini qabul qilgan va "Real"ga nisbatan ish ochgan.

"Marca"ning xabariga ko'ra, Ispaniya qirollik futbol federatsiyasi tartib-intizom qo'mitasi (RFEF) La Ligadan ariza kelib tushgach, "Real"ning o'ziga qarshi surishtiruv ishi ochgan.

Qo'mita tegishli jarayonlarni amalga oshirish va mavjud faktlarni tekshirish uchun instruktorni tayinlagan.

Ma'lum qilinishicha, qaror e'lon qilingach, "Real" qarorga rozi emasligi yuzasida 10 ish kuni ichida ariza topshirishi mumkin. Mazkur vaziyatda klubga nisbatan maksimal jazo pul jarimasi ko'rinishida bo'ladi.


Omonjon To`xtamirzayevMuallif
Manba: Marca