

"Bugun o'yinni to'liq boshqardik. Ikki bo'limda ham. Avvalgi o'yinlarda yaratgan vaziyatlarimizni ko'kka sovurayotgan edik. Bugun ulardan unumli foydalandik va gol urdik. Yigitlarga rahmat aytaman", - dedi Kamoliddin Tojiev.
- Hisob 3:0 vaqtida biroz yoshlarga imkoniyat berishingizni kutgandim. Zaxirada U17 terma jamoa a'zolari bor edi-ku.
- Sardor Mirqobilovni maydonga tushirdik. O'rinbosarlar tarkibidan 11 nafar futbolchimiz bor. Ular kecha qiyin o'yin o'tkazishdi. Jamoa kecha 1:2 hisobida yutqazayotgan holatda, 3:2 hisobida g'alaba qozonib ketdi. Sardor kecha 2ta gol urdi va unga bugun imkoniyat berdik.
- "Paxtakor" atrofida ko'plab gap-so'zlar yuribdi. "Neftchi"ga qarshi o'yin Tojiev uchun so'nggi imkoniyat deyilgandi, ammo siz iste'foga chiqmadingiz. Rahbariyat bilan gaplashdingizmi?
- Bunaqa gap qayerdan paydo bo'lganini bilmayman. Rahbariyat ham bunday fikrda emas. O'tgan safar ham shuni aytgandim. Durang o'ynayapmiz, ammo yutqazayotganimiz yo'q. Jamoa hali hamon chempionlik uchun kurashmoqda.
- "Paxtakor"ning barcha omadsizliklariga Tojiev aybdor deb ko'rsatilmoqda. Bunday tanqid ostida ishlash sizni qanchalik qiynamoqda?
- Hamma narsaga e'tibor beraversak, hayot qiyinlashib ketadi.
- Mediani o'qimaysizmi?
- O'qiyman, ammo har doim jamoa haqida o'ylayman. Asosiy vazifa jamoani keyingi o'yinga tayyorlashdan iborat.
- Hamkasblarimiz yozishicha, Abdumajidovning "Brest"ga bo'lgan transferini aynan siz to'sib qo'yibsiz. Aslida nima bo'ldi?
- Klubga rasmiy xat kelmadi. Klub rasmiy bayonot ham berib bo'ldi-ku. Xat o'yinchining agentiga kelgan ekan. Muhammadrasul bilan gaplashdik. Men jamoani tashlab ketmayman, jamoaga yordam beraman, dedi. U "Brest" bilan shartnoma imzolab ulgurgan, 1-yanvardan boshlab bir yillik ijaraga yo'l oladi.
- Shaxsan Kamoliddin Tojievni aybdor deyayotganlarga nima degan bo'lardingiz?
- Vaziyatni aytib berdim-ku. Klubga rasmiy xat kelmadi. Faqat agentida xat bor edi. Transfer oynasi yopilishiga to'rt kun qolganda xat keldi. Bunga qadar hech nimadan xabarimiz yo'q edi. Hech kim hech nima demagandi. Vaziyat shunday bo'ldi. Abdumajidov 1-yanvardan "Brest"ga ketadi.
- Iroq telekanallari "Paxtakor" o'yinini translyatsiya qilish huquqini sotib oldi. Gol va assistni bir ochko deb hisoblasak, bugun jamoangiz olti ochko jamg'ardi. Iroqliklar esa naqd to'rt ochko olib keldi. Resandan uchta assist va Tahsindan gol. Iroqliklarning sermahsulligi tasodifmi?
- Men ham ularga shuni aytaman. Butun Iroq sizlarni kuzatmoqda. Shuning uchun maydonda yaxshi o'yin namoyish etishingizlar kerak deb. Bashar oldin ham gol urib kelayotgandi. Bugun shunday tasodif bo'lib qoldi.
- Abdumajidov holatida "Paxtakor"ni tanqid qilayotgan jamoa nega yozgi transferlar oynasida Hamralievni "Navbahor"ga, Azmiddinovni Kuvaytga qo'yib yuborganini gapirishmoqda. Markaziy himoyachilarni boshqa klublarga qo'yib yuborib, Abdumajidovni yangi klubga o'tishiga qo'yishmadi deb. Ushbu vaziyat haqida nima deysiz?
- Biz transferlar oynasi yopilganidan keyin hech nima qila olmaymiz. Bizga endi chiqishdi, avvalroq xabardor qilishganida vaziyat boshqacha bo'lardi. Rasmiy xat kelsa, hech kimni majburan ushlab o'tirmaymiz. O'tgan mavsumda O'rinboevni Belgiyaga qo'yib yubordik-ku. Abdumajidovga bo'layotgan qiziqishni transfer oynasida yopilib bo'lganidan so'ng bildik. Avvalroq aytib qo'yishganida Hamraliev va Azmiddinov bilan boshqacha ish tutardik. Abdumajidovni esa qo'yib yuborardik. Buning uchun rasmiy xat kerak. O'rinboevga Belgiyadan rasmiy taklif kelgandi va biz uni mavsum o'rtasida transfer qilgandik.
- Vladimir Nazarovni “mixed zone”da uchratdim va undan nega asosiy tarkibdan tushib qolgani va o'yin amaliyotisiz qolib ketayotgani haqida so'ramoqchi edim. Nazarov esa "murabbiydan so'rang" deb aytdi. Yaqingacha terma jamoa darvozaboni hisoblangan Nazarov Superkubok bahsidan so'ng asosiy tarkibdan tushib qoldi. Hozirgi kunda esa umuman asosiy jamoada o'ynamay qo'ydi. Nazarovning holati bo'yicha gapirib o'tsangiz...
- Unga ham imkoniyat beramiz. Nazarov mashg'ulotlarni o'zini yaxshi ko'rsatmoqda. Xafagarchilik yo'q. Mehnat qilib, o'z imkoniyatini kutmoqda. O'z imkoniyatiga ega bo'ladi. O'yinlar hali ko'p.
- OCHLda Emiliano Karas ishlaydi. Sizning PRO licenziyangiz bo'yicha holat qanday?
- Noyabrda masala hal bo'ladi. OCHLga bergan "zayavka"mizda Karas bosh murabbiy.
- Osiyoning eng hujumchilaridan biri deyiladigan Hussayn umuman gol urmayapti. Nega Hussayn hali hamon gol urmadi?
- U ham vaziyatdan xavotirda. Gol ura olmayotganidan siqilmoqda. Zaxiraga olmasligimni, hozir gol urishini aytdi. Biroz imkoniyat bering deyapti. Gol ursa, barchamiz xursand bo'lamiz.
- "Paxtakor" rahbari Jahongir Ortiqxo'jaev klubdan ketdimi?
- Hali rasman hech qayerda e'lon qilinmadi. Jahongir aka biz bilan. Mediada Ortiqxo'jaev klubni tark etdi deyishmoqda. Rahbarimiz hali hamon biz bilan.
- "Nasaf" - "Neftchi" o'yinidagi hisob sizni qanchalik hayron qoldirdi? "Neftchi" shunday yirik hisobda mag'lub bo'lishini kutganmidingiz?
- Birinchi bo'limdan so'ng hisobni bilgandim. Biz o'z o'yinlarimizda g'alaba qozonsak bo'ldi. "Neftchi"dan bunday mag'lubiyat kutmagandim.



