Jasurbek Umrzoqov: "Superliga jamoalarida o'zimni sinab ko'rish vaqti keldi deb o'ylayman"

Aslanov Jasurbek
18 yanv 2021, 19:40
"Andijon" jamoasining qishki o'quv-mashg'ulot yig'inida o'tgan mavsumni "Bunyodkor"da o'tkazgan darvozabon Jasur Umrzoqov ham ishtirok etmoqda.

Futbolchi ushbu mavsumni shu jamoada o'tkazishi kutilmoqda. "Navbahor" bilan kechgan ikkinchi o'rtoqlik uchrashuvidan so'ng iqtidorli posbonga bir nechta savollar bilan yuzlandik. 

- "Andijon"dan tushgan taklifni qabul qildingiz? Jamoani o'zgartirish fikri qachon tug'ildi?

- Yangi jamoaga o'tish fikri menda anchadan beri bor edi. Superliga jamoalarida o'zimni sinab ko'rish vaqti keldi deb o'ylayman. Bu jamoada yuqori darajada o'yin ko'rsatishga harakat qilaman.  

- "Burgutlar" safiga qo'shilishingizda Otabek G'ulomxo'jaevning ham o'rni bormi?

- Taklif klub rahbarlari va bosh murabbiy Otabek G'ulomxo'jaevdan keldi. Ularning chorlovini javobsiz qoldira olmadim. Otabek aka bilan ishlash har doim maroqli bo'lgan deya olaman. Mashg'ulotlarida proffessionallik yuqori bo'ladi. 

- Sizning yoshingizda zaxirada o'tirish to'g'ri kelmaydi. Bu yerda esa o'yin amaliyotiga ega bo'lishingiz uchun juda qulay imkoniyat bor...

- Ha, gapingiz mutlaqo to'g'ri. "Andijon"da ham raqobat kuchli. O'yin amaliyotiga ega bo'lish uchun o'z ustimda ishlashdan va harakatdan to'xtayotganim yo'q. O'zimni ko'rsatishga va muxlislar e'tiboriga tushishga intilmoqdaman. 

- Ortda qolgan o'rtoqlik uchrashuvlaridan qanday xulosalar chiqarildi? Deylik dastlabki o'yin "Turon" bilan haqida to'xtalib o'tsangiz...

- "Turon" bilan o'yin mag'lubiyatga uchragan bo'lsakda munosib to'p tepdik. Odatda tanaffusdan so'ng futbolchilarning sport formasiga qaytishi qiyin kechadi. Buning uchun vaqt kerak. 

- "Navbahor"ga qarshi bahsda vodiy derbisini ko'rdik, jamoa tarkibi yosh bo'lishiga qaramasdan futbolchilar oxirgi daqiqaga kurashdi...

- Hozirda jamoamizda yoshlarga e'tibor kuchaytirilmoqda. Biz to'g'ri yo'ldan ketmoqdamiz deb o'ylayman. Amalga oshirilayotgan ishlar o'z samarasini berishiga aminman. Yangi mavsumda yangi maqsadlar bilan muxlislarning ishonchini qozonamiz va oldimizdagi vazifani bajaramiz. 

- Ko'p futbolchilar kuchliroq klublarga yo'l olish uchun o'zlari uchun tramplin bo'ladigan jamoalarga o'tishadi. "Andijon" ham siz uchun tramplin vazifasini bajaradimi?

- Menimcha boshqa jamoalar haqida gapirishga hali erta. Men hozirda "Andijon" futbolchisiman. Nasib qilsa birinchi galda yorqin o'yinlarimni ko'rsatishga bor kuchimni beraman. Abdulaziz Iskandarov yozib oldi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia