Jamshid Saidov: "O'yin uchun strategiyamiz ish berdi"

Aslanov Jasurbek
26 okt 2024, 19:35
"Qizilqum" hamda "Paxtakor" o'rtasidagi Superliganing 22-tur o'yinidan (2:0) so'ng mezbonlar ustozi Jamshid Saidov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Jamshid Saidov: G'alaba doimo yoqimli. O'yin uchun strategiyamiz ish berdi. Himoyadan o'ynab, raqibni qarshi hujumda jazolashga urindik. Hammaga rahmat aytmoqchiman. "Paxtakor"ni ikkinchi marta mag'lub etdik.

- "Qizilqum" qarshi hujumlar evaziga g'alabaga erishdi. Reja o'yin boshidan shundaymidi yoki bahs davomida shu qarorga kelindimi?

- Bahs uchun rejamiz shunday edi. Uslubimiz foyda berganidan xursandman.

- "Qizilqum" o'rtamiyona jamoalar bilan kuchsiz, yetakchilar bilan kuchli o'ynaydi. Kiyinish xonasida sehrli so'z aytasizmi?

- Men ham o'zimga shu savolni beraman. Menimcha, buning bari psixologiya bilan bog'liq deb o'ylayman. Raqibga past baho berish kabi narsalar kuchsiz o'yinga sabab bo'ladi.

- Akaki Shulaya hujumkor yarim himoyachi edi, bugun u himoyada harakat qildi. Sababi nima?

- Besh himoyachi bo'lib, himoyadan o'ynadik va qarshi hujumlarni kutdik. Bugungi strategiyamiz shunday edi.

- Lobjanidzening jarohati qanchalik jiddiy? Shikastlangan darvozabon - Robert Ozols qachon safga qaytadi?

- Ozols safga qaytish uchun vaqt etadi. 9-10 kunda asosiy jamoaga qo'shilishi kerak. Lobjanidze haqida hech narsa deya olmayman. Tibbiy ko'rik xulosalarini ko'rish lozim.

- Humoyunshoh Sayyotov bugun yaxshi harakat qildi. U o'yindan-o'yinga ochilyaptimi yoki avval ham mahoratli posbonmidi?

- Sayyotov istiqbolli posbon. U asta-sekinlik bilan o'sib, tajriba to'plab bormoqda. So'nggi 3ta o'ynda o'zini faqat yaxshi tomondan ko'rsatdi.

- Akaki Shulaya bilan shartnoma qachongacha belgilangan, u bilan bitim uzaytiriladimi?

- Shulaya bilan kelishuv yilning oxirigacha amalda. Uzaytirish haqida hozir aniq javob bera olmayman.







Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia