

Championat.asia sayti talqiniga ko'ra, 5-turning eng yaxshi darvozaboni - Federiko Botti (“Bunyodkor”)
“Bunyodkor” ushbu turda “Lokomotiv” bilan bahs yuritib, ishonchli hisobda g'alabaga erishdi (2:0). “Qaldirg'ochlar” posboni uchrashuv mobaynida bir qator zarbalarni bartaraf etib, 4 ta seyv amalga oshirdi va darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Shunday qilib, Championat.asia ijodkorlari g'alabada munosib hissa qo'shgan italiyalik darvozabonni tur darvozaboni deb topdi.

Championat.asia sayti talqinida 5-turning eng yaxshi murabbiyi - Anvar G'ofurov (“Surxon”)
“Surxon” yakuniga etgan turda Termizda “Buxoro”ni 3:1 hisobida dog'da qoldirdi. Jamoa birinchi taymning o'zida 3 ta to'p kiritgan holda bahs taqdirini hal etdi. Termizliklarni vaqtincha boshqarayotgan Anvar G'ofurov bahs uchun to'g'ri tarkibni tanladi va uning ishlanmalari ish berdi. Shu tariqa, 43 yoshli mutaxassis saytimiz talqinida turning eng yaxshi murabbiyiga aylandi.

Championat.asia sayti talqiniga ko'ra, 5-turning eng yaxshi futbolchisi - Zoran Marushich (“Neftchi”)
“Neftchi” bu turda “Qizilqum” bilan ro'baro' kelib, 4:0 hisobida zafar quchdi. Mazkur bahsda serbiyalik hujumchi dubl muallifiga aylandi va bitta golga assistentlik ham qildi. Tajribali forvard ortiqcha muhokamalarsiz turning eng yaxshi futbolchisi nomiga loyiq ko'rildi.

Championat.asia sayti talqinida 5-turning eng chiroyli goli muallifi - Shohruh Gadoev (“Qo'qon-1912”)
“Qo'qon-1912” bu turda “So'g'diyona” bilan o'ynadi va jangovar durang qayd etdi (2:2). Qo'qonliklar mazkur bahsda ikkinchi bo'limdagi gollar evaziga mag'lubiyatdan qutulib qoldi. Jamoaning tajribali vingeri Gadoev 49-daqiqada jarima zarbasidan gol urib, mezbonlar posbonini dog'da qoldirdi. Mazkur golni urgan futbolchi esa turning eng chiroyli goli muallifi bo'ldi.




