Italiya terma jamoasidan taklif tushsa, "Napoli" Konteni ushlab o'tirmaydi

Sherzod Nurmatov
6 apr 2026, 14:20
"La Gazzetta dello Sport" nashrining xabar berishicha, "Napoli" prezidenti Aurelio De Laurentis bosh murabbiy Antonio Konteni Italiya terma jamoasiga qo'yib yuborishga tayyorligini ma'lum qildi.

Manbaga ko'ra, Napoli klubi rahbariyati murabbiyning amaldagi shartnomasi 2027 yilgacha amal qilishiga qaramay, uning terma jamoaga tayinlanishiga to'sqinlik qilmoqchi emas.

Konte ilgari 2014 yildan 2016 yilgacha Italiya terma jamoasini boshqargan. Uning boshchiligida jamoa 2016 yilgi Yevropa chempionatining chorak finaliga chiqqan. O'tgan mavsumda esa u "Napoli"ga A Seriya chempionligini olib kelgandi.

Italiya terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimi Jennaro Gattuzoning ketishidan so'ng bo'sh qoldi. Bu jamoaning JCH-2026 pley-off finalida Bosniya va Gertsegovinaga yutqazganidan keyin sodir bo'ldi (1:1, penaltilar seriyasida - 1:4). Shu tariqa, italiyaliklar ketma-ket uchinchi Jahon chempionatini o'tkazib yuboradi.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: La Gazzetta dello Sport