"Italiya futboli uyquda!": De Laurentis Seriya A jamoalari sonini qisqartirishni taklif qildi

Aslanov Jasurbek
1 apr 2026
"Napoli" klubi prezidenti Aurelio De Laurentis Italiya terma jamoasining JCH-2026 yo'llanmasidan quruq qolganidan so'ng, mamlakat futbolini inqirozdan olib chiqish bo'yicha o'z rejasini e'lon qildi.

Eslatib o'tamiz, Jennaro Gattuzo shogirdlari hal qiluvchi bahsda Bosniya va Gertsegovinaga imkoniyatni boy berib (1:1, pen. 1:4), ketma-ket uchinchi bor mundialsiz qolishdi.

"Ilgari Seriya Ada 16 ta jamoa bo'lardi, hozir esa 20 ta. Agar biz yana 16 talik formatga qaytsak va Saudiya Arabistonida Superkubok o'yinlarini o'tkazishni to'xtatsak, futbolchilarning kuchini tejagan bo'lardik. Ularga maoshni FIFA yoki UEFA emas, biz to'laymiz. Shunda terma jamoa uchun mashg'ulotlarga etarlicha vaqt topilardi.

Hozir aybdor qidirishdan mano yo'q, Italiya futboli ko'p yillardan beri uyquda. Hech narsa o'zgarmayapti, chunki hamma oqim bo'ylab suzishga o'rganib qolgan. Men esa bundaylardan emasman. Mening poziciyam ko'pchilikka yoqmasligi mumkin, lekin haqiqat tomonda bo'lganingda shunday bo'ladi", - dedi De Laurentis "Radio CRC" efirida.

Italiya futbolidagi ushbu tizimli muammolar va ehtimoliy islohotlar yaqin vaqt ichida qizg'in muhokamalarga sabab bo'lishi kutilmoqda.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: Radio CRC