

"Bugungi g'alaba bilan barchani tabriklayman. Juda muhim g'alaba edi. Har bir musobaqani boshlash juda qiyin bo'ladi. O'yindan oldin ko'pchilik "Neftchi" osongina g'alaba qozonadi degan fikrda bo'lgan edi, ammo o'yinda har qanday holat ro'y berishi mumkin. Bu musobaqa hech qaysi bir jamoada yirik hisobda g'alaba qozonadi deb bo'lmaydi. Elit OCHL eng yuqori darajadagi musobaqa. Bu yerda eng kuchlilar ishtirok etadi. Raqibni imkon qadar o'rganishga harakat qildik. O'yin davomida yetakchilik qilib, ko'plab imkoniyatlar yaratishga intildik. Bazi vaziyatlarda raqib ham o'z imkoniyatlariga ega bo'ldi. Afsuski, vaziyatlarimizning ko'pidan foydalana olmadik. Shuning hisobiga o'yin qiyin kechdi. Har bir o'tayotgan daqiqa bizga bo'lgan bosimni ikki barobarga ko'paytirib keldi. Katta kuch bilan oldinga o'tishga majbur bo'ldik va o'yinning ma'lum bir qismida ikki nafar hujumchi bilan harakatlandik. Eng muhimi g'alaba, qolgani bizga qiziq emas. Birinchi qadamni qo'yib oldik", - deya gap boshladi Islombek Ismoilov.
"Raqibni juda ham yaxshi o'rgangandik. Bosh murabbiyimiz aytganidek, oson raqibning o'zi yo'q. O'yin davomida ko'plab vaziyatlarni ko'kka sovursangiz, jamoa hatto mag'lubiyatga ham uchrashi mumkin. Bahs osonroq kechishini kutgandik, ammo unday bo'lmadi. OCHL ajoyib darajadagi musobaqa. Yaratganga shukr, yakunda g'alabani qo'lga kiritdik", - deya fikr bildirdi Zoran Marushich.
- Ikkinchi bo'limda Yan Sasse zaxiraga olindi. Sassening bugungi o'yini haqida fikr bildirib o'tsangiz...
- Legionerlar jamoamizga qo'shilganiga ko'p bo'lmadi. Hozir jamoada jarohatlanganlar ko'p. Ikkinchi davra boshlanganidan beri to'liq optimal tarkibni ishlata olmayapmiz. Mavsumning eng qizg'in pallasiga kirib keldi. Shu qiyin davr uchun biz yangi futbolchilarni o'z safimizga qo'shib oldik. Sasse juda mahoratli o'yinchi. Hozir uning holatini tushunishimiz kerak, uch oydan beri rasmiy o'yinlarda ishtirok etmagan. Jamoa bilan ikkita mashg'ulot o'tkazib, asosiy tarkibda maydonga tushdi. Kelib ham Elit OCHLda. Bugun u bunday ortig'ini qila olmasdi. Ikkinchi taymda yangi kuchlarni tashlamoqchi edi, biroq Abror Ismoilovning eski jarohati bezovta qildi. Uni zaxiraga olishga majbur bo'ldik. Braziliyalik legionerlarimiz faqat Elit OCHLda o'ynay oladi. Biz ularni faqat Elit o'yinlari orqali yaxshi sport formaga keltirishimiz mumkin. Boshqa yo'l yo'q. Futbolchi bilan alohida mashg'ulot o'tkazyapmiz ham. Legionerlarimiz hali faoliyati davomida Osiyoda o'ynashmagan. Ular O'zbekistonga kelishganiga bir hafta bo'lmadi. Moslashuv jarayoni bor. U bugun ko'p to'p yo'qotgan bo'lishi mumkin, ammo maydonda ko'p foyda keltirdi.
- Bugungi o'yinda nimadan qoniqdingiz va nimalardan qoniqmadingiz?
- Murabbiy hech qachon jamoasi o'yinidan to'liq qoniqmaydi. Juda ko'plab ishlashimiz kerak. Bugun himoyadan hujumga o'tishga sekin edik. Balki futbolchilarda charchoq alomatlari sezilishni boshlagandir. Biz intensiv futbol o'ynaymiz. Bizga to'p nazorati muhim emas, biz qanchalik tez raqib jarima maydonchasiga yetib borishimiz haqida o'ylaymiz. Kimdir 300-400ta pas orqali hujum qilishi mumkin, kimdir esa 2-3ta pas orqali raqib darvozasigacha yetib keladi. Hujumkor futbol ko'p kuch talab qiladi. Har safar hujum qilayotganimizda to'pni yo'qotish ehtimolimiz oshadi. Biz ko'p yo'qotayotganimizning sababi ko'proq vaqt davomida hujum qilayotganimizda. Hujum qilmagan jamoa xato qilmaydi.
- Iskanderovning holati qanday?
- Iskanderov bo'yin qismida "grija"si bor. Jamoamiz reabilitologi bilan ishlayapti. Tez orada jamoaga qaytadi.
- FIFA kunlarida o'rtoqlik o'yinlari tashkil etiladimi?
- Biz FIFA kunlarini barchadan ham ko'proq kutyapmiz. Jarohatdagi futbolchilarimizni tezroq qaytarib olish uchun bizga pauza kerak. O'rtoqlik o'yinlari tashkil etmoqchimiz, ammo raqiblar hali aniq emas.
Zoran Marushichga savol
- Ko'proq sizga asosiy tarkibda o'ynash maqulmi yoki zaxiradan maydonga tushib gol urishmi?
- Har qanday hujumchi kabi har doim asosiy tarkibda o'ynashni xohlayman. Lekin bosh murabbiyning qarori bor. Jamoadagi barcha hujumchilar imkon qadar ko'proq foyda keltirish haqida o'ylamoqda. Bizning maqsadlarimiz katta. Ko'plab musobaqalarda ishtirok etyapmiz. Menga hozir farqi yo'q, asosiy tarkibdami yoki zaxirada. Asosiysi, jamoamga yordam berish.



