Islom Ismoilov: "Qur'ada raqibning ahamiyati yo'q edi, qo'l ostimdagi futbolchilarimga ishonaman"

Iskandarov Abdulaziz
23 yanv 2025, 12:41
Biroz oldin Saudiya Arabistoni mezbonlik qiladigan U-17 Osiyo kubogiga qur'a tashlandi.

Qur'a natijalariga ko'ra vakillarimiz Saudiya Arabistoni, Tailand, Xitoy bilan bir kvartetdan o'rin oldi. Xo'sh, O'zbekiston U-17 terma jamoasi bosh murabbiyi bu borada qanday fikrda? 


"Guruhda qaysi terma jamoaning bizga raqib bo'lishini ahamiyati yo'q edi. Oldimizga yuqori maqsad qo'yganmiz. Qo'l ostimdagi futbolchilarga ishonaman. Ular istalgan jamoaga qarshi munosib o'ynay olishadi. Maqsadimiz birinchi navbatda Jahon chempionatiga yo'llanma olish. Bu bizga hech qanday bosim yuklamaydi. Har qanday raqib bilan, har qancha bosim ostida o'ynashimiz kerak. Hozir Saudiya Arabistonida yig'in o'tkazmoqdamiz, 3 kundan so'ng o'yinimiz bor. Tayyorgarlikni o'zgartirishni o'ylaganimiz yo'q. O'zimizning tanlagan yo'limiz bor va bundan qaytmaymiz. 

Tayyorgarlik reja asosida ketmoqda. Albatta, bu yerdagi yig'inimiz Osiyo kubogi oldidan jamoaga moslashishga yordam beradi deb o'ylayman. Rejaga o'zgartirish kiritmaymiz. Bu paytgacha Xitoy bilan o'ynaganmiz. Tailand bilan to'qnash kelmaganmiz. Bugundan raqiblarning oxirgi o'yinlarini o'rganishni boshlaymiz. Oldimizda ikki yarim oy vaqt bor. Ishonamanki, Osiyo kubogidan yorug' yuz bilan qaytamiz",- deydi Islom Ismoilov.

Abdulaziz Iskandarov yozib oldi


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia