Iroq murabbiyi FIFAdan JCH pley-off o'yinini qoldirishni so'radi: "Bizga tayyorgarlik uchun vaqt kerak"

Aslanov Jasurbek
10 mar 2026, 02:13
Iroq terma jamoasi bosh murabbiyi Grem Arnold Yaqin Sharqdagi notinch vaziyat tufayli FIFAga murojaat qilib, Jahon chempionati saralash bosqichi doirasidagi o'tish o'yinini boshqa muddatga ko'chirishni so'radi.

Eron va AQSH o'rtasidagi mojarolar jamoaning ushbu muhim o'yindagi ishtirokini xavf ostida qoldirmoqda.

Tarixiy imkoniyat xavf ostida:

Eslatib o'tamiz, 31 mart kuni Meksikada Iroq terma jamoasi Surinam va Boliviya o'rtasidagi pley-off g'olibiga qarshi maydonga tushishi belgilangan. Bu bahs iroqliklarning 1986 yildan beri ilk bor mundialga yo'l olish taqdirini hal qiladi.

Murabbiyning taklifi qanday?

Arnold o'z intervyusida vaziyat qanchalik jiddiy ekanini va FIFAdan qanday yordam kutayotganini tushuntirib berdi:

"Iltimos, bu o'yin borasida bizga yordam bering, chunki hozir futbolchilarimizni Iroqdan olib chiqib kyetish uchun bor kuchimiz bilan harakat qilyapmiz. Menimcha, agar FIFA o'yinni qoldirsa, bu bizga yaxshilab tayyorgarlik ko'rish uchun vaqt beradi. Mayli, Boliviya shu oyda Surinam bilan o'ynasin, Jahon chempionatidan bir hafta oldin esa biz AQSHda g'olibga qarshi maydonga tushamiz – o'sha o'yin g'olibi turnirda qoladi, mag'lub esa uyga qaytadi.

Shuningdek, bu FIFAga Eron nima qilishini hal qilib olishi uchun ham ko'proq vaqt beradi. Agar Eron musobaqada ishtirok etishdan bosh tortsa, biz to'g'ridan-to'g'ri Jahon chempionatiga yo'l olamiz. Bu esa saralashda biz mag'lub etgan BAA terma jamoasiga Boliviya yoki Surinamga qarshi o'yinga tayyorgarlik ko'rish imkoniyatini yaratadi", - dedi Arnold.

Xalqaro futbol tashkiloti hozircha murabbiyning bu iltimosiga rasmiy javob qaytarmadi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: ESPN