Ilyos Zeytullaev: "Ahmadalievning tanlovini hurmat qilamiz. Qiyin vaziyat esa bizni yanada tarbiyalaydi"

Iskandarov Abdulaziz
24 fev 2026
"Qaldirg'ochlar" parvozga tayyormi?

Jamoa kecha "Sho'rtan" bilan nazorat uchrashuvida maydonga tushdi (0:0). Bellashuvdan so'ng "Bunyodkor" bosh murabbiyi Ilyos Zeytullaevga bir nechta savollar bilan yuzlandik.

- "Sho'rtan"ga qarshi o'yin qishki yig'in doirasidagi oxirgisi edi. Jamoa mavsumga qanchalik tayyor?

- Ha, OKMK bilan o'yin oldidan so'nggi nazorat uchrashuvimizni o'tkazdik. Jamoaning umumiy holatini ko'rib oldik. Yigitlar yaxshi sport formasiga yetib kelishmoqda, deya olaman. Jarohat olgan futbolchilarimizni imkon qadar tezroq tiklashga harakat qilamiz. O'yinlarga tayyorlanyapmiz, ortiqcha faktorlarga chalg'iyayotganimiz yo'q. Futbolchilarning diqqat-e'tibori bo'lajak bahsga qaratilgan.

- Dilshod Ahmadalievning ketishi tarkib va o'yin borasidagi rejalarga ta’sir ko'rsatmaydimi?

- Dilshod bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qoldik. OKMKga qaytish istagini bildirdi. Bu uning xohishi va tanlovi, shunday ekan, fikrini hurmat qilishimiz kerak. O'yinga ta’siri bo'lmaydi, chunki tarkibda boshqa yigitlar ham bor. Oldinga yurishda davom etamiz, bizni qiyin mavsum kutyapti. Boshqa tomondan, yosh futbolchilarga o'zini ko'rsatishi uchun imkoniyat ochiladi.

- Atrofda yangrayotgan tashqi gaplar, omillar jamoa kayfiyatida o'zgarish qilmadimi?

- Futbolchilarim professional. Bunday vaziyat istalgan jamoada bo'lishi mumkin. Shuni aytamanki, klubdagi barcha yurakdan mehnat qilmoqda. Ta’sir qilmaydi, emas, baribir o'z so'zini aytadi. Ikkinchidan, qiyin holatdan chiqib keta olishda kimni qandayligini ko'rib olasiz, bu orqali hayotda tarbiyalanasiz.

- Italiyalik darvozabon Federiko Botti oxirgi yillarda o'yin amaliyotiga ega bo'lmagan. Bu transfer qanchalik muvaffaqiyatli chiqadi?

- Bunga qadar u S, B Seriyada to'p tepgan. Hozirgi imkoniyatimiz shu darvozabonni olib kelishga etadi. Botti darvozabonlarimizga raqobat tug'dira oladi. Darvozabonlar murabbiyi, darvozabonimiz ham Italiyadan. Italiya darvozabonlar maktabini hamma yaxshi biladi. Men Italiya futbol maktabidan yangilik olib kirishni, yosh darvozabonlarimizga yangi narsalar o'rgatishni istadim. Tanlov shu faktor asosida amalga oshdi.

- OKMK bilan bahs jamoa va siz uchun principial ahamiyatga ega...

- Mirjalol Qosimov jamoasini yaxshi bilamiz, yaxshi shakllangan tarkibga ega. Hujumkor futbol ko'rsatadi. O'tgan mavsum birinchi davrada biz g'alaba qozongan, ikkinchi davrada esa mag'lub bo'lgan edik. Yakunda turnir jadvalida kichik farq bilan ortda qoldira oldik. Bu yil boshqacha kechadi. Tabiiyki, ular favorit maqomida. Lekin biz ham munosib kurash taqdim qilamiz. Kuchli raqibga qarshi maydonda bir daqiqa ham to'xtamasligimiz lozim.

- Murabbiylar shtabida yangi nomlar paydo bo'ldi. Italiyalik mutaxassislar atrofingizda jamlandi. Bu haqida ma'lumot bersangiz?

- Shtabda nafaqat italiyalik, balki o'zbekistonlik murabbiylar ham borligini aytish kerak. Men atrofimga shunchaki italiyaliklarni yig'ib olmoqchi emasman. Italiyalik murabbiylar bu erda bir umr ishlamaydi. Maqsadim - ulardan o'zbek futboliga nimadir qolsin.


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia