IFAB futbolda vaqtni ataylab cho'zishga qarshi yangi choralarni tayyorlamoqda

Sherzod Nurmatov
16 yanv 2026
Futbol o'yini qoidalarini ishlab chiqish va tartibga solish uchun mas'ul bo'lgan Futbol associaciyalari xalqaro kengashi (IFAB) kelasi hafta vaqtni qasddan cho'zishga qarshi qo'shimcha chora-tadbirlarni ko'rib chiqadi.

Bu haqda "The Athletic" xabar berdi.

Manbaga ko'ra, muhokama qilinayotgan ehtimoliy yangiliklar orasida aut yoki darvozadan to'p kiritilganda vaqtni orqa sanash (taymer) joriy etish taklifi ham bor. Shu orqali jamoalar standart holatlarni qatiy belgilangan vaqt ichida bajarishga majbur bo'ladi.

Shuningdek, futbol qonun chiqaruvchilari almashinuvlarni amalga oshirish uchun ham vaqt limitini belgilash masalasini ko'rib chiqmoqchi. Bu almashinuvlardan o'yinni cho'zish usuli sifatida foydalanishning oldini olishga qaratilgan.

Qayd etilishicha, IFAB bu yo'nalishda avvaldan qadamlar tashlab kelmoqda. Ilgari shunday qoida joriy etilgan ediki, agar darvozabon to'pni qo'lida 8 soniyadan ortiq ushlab tursa, raqib jamoa foydasiga burchak zarbasi belgilanadi.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: The Athletic