"Qizilqum" o'yinchisiga qizil kartochka ko'rsatilishi kerak edi" – Superliga 23-turidagi bahsli vaziyatlar yuzasidan Ekspert-hakamlar komissiyasi xulosasi e'lon qilindi

Administrator
5 noya 2024, 21:50
Joriy yilning 3 noyabr sanasida Superliga 2024-yilgi mavsumning 23-turi yakuniga etdi.

O'zbekiston futbol hakamlari markazi mazkur uchrashuvlar tugagach, Ekspert-hakamlar komissiyasining navbatdagi yig'ilishini o'tkazdi va tur doirasida kuzatilgan bahsli vaziyatlar tahlil qilindi. Bu bellashuvlarda jami 5 ta bahsli vaziyat yuzaga keldi.  

Quyida ularning batafsil izohi va chiqarilgan yakuniy qarorlar bilan tanishishingiz mumkin:


1-vaziyat. "Paxtakor" - "Andijon" to'qnashuvi: mezbonlarning goli.

"Paxtakor" - "Andijon" uchrashuvining 15-daqiqasida mezbonlar hisobni ochdi. Bosh hakam Nikita Mustafin mazkur holatda fol yo'qligini qayd etdi va golni inobatga oldi.  

 Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Mazkur vaziyatda to'p hujumchining qo'liga emas, himoyachining tizzasiga tekkan. Shu sababli, golni bekor qilish uchun asos yo'q. Ekspert-hakamlar komissiyasi tomonidan hakamlarning qarori to'g'ri, deb topildi.

 



2-vaziyat. "Olimpik" - "Navbahor" qarama-qarshiligi: bahsli penalti.

"Olimpik" - "Navbahor" uchrashuvining 35-daqiqasida mezbonlar raqib posboni xatosidan so'ng qulay vaziyatga ega bo'ldi va shu holatda darvozabon 10-raqamli futbolchiga qo'pollik ishlatib, uni to'xtatib qoldi. Bosh hakam Nayim Qosimov mazkur epizodda fol qayd etib, nuqtaga ishora qildi va namanganliklar vakiliga sariq kartochka ko'rsatdi.  

 Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda posbon raqibiga nisbatan qo'pollik ishlatgan. Penalti belgilash uchun asos etarli. Ekspert-hakamlar komissiyasi hakamlarning qarori to'g'ri ekanini ma'lum qiladi.





3-vaziyat. "Qizilqum" - "Dinamo" qarama-qarshiligi: bahsli qizil kartochka.

"Qizilqum" - "Dinamo" uchrashuvining 68-daqiqasida mezbonlarning 8-raqamli futbolchisi samarqandliklarning 21-raqamli a'zosiga nisbatan qo'pol harakat qildi. Bosh hakam Ibrohim Ismoilov futbolchiga sariq kartochka ko'rsatdi. 

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda VAR holatga aralashmasdan xato qilgan. Futbolchi butsasining tag qismi bilan qasddan raqibiga zarba bergan. Bu kabi hollarda qizil kartochka ko'rsatilishi lozim. Ekspert-hakamlar komissiyasi hakamlarning qarorini noto'g'ri, deb hisobladi.

 


4-vaziyat. "Neftchi" - "Bunyodkor" qarama-qarshiligi: bahsli penalti.

"Neftchi" - "Bunyodkor" uchrashuvining 80-daqiqasida mehmonlar qulay vaziyatga ega bo'ldi va shu holatda to'p mezbonlarning 20-raqamli futbolchisiga tegib, o'yinga qaytdi. Bosh hakam Doston Rahmonov mazkur epizodda to'p qo'lga tegmaganini qayd etdi va bahsni davom ettirdi.  

 Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda videotakrorlardan ko'rish mumkinki, to'p futbolchining qo'liga emas, qorin qismiga tekkan. Penalti belgilash uchun asos mavjud emas. Ekspert-hakamlar komissiyasi hakamlarning qarori to'g'ri ekanini ma'lum qiladi.


 


-vaziyat: "Metallurg" - OKMK o'yini: bahsli 11 metrlik jarima zarbasi.

"Metallurg" - OKMK uchrashuvining 90+2-daqiqasida mezbonlarning 9-raqamli a'zosi jarima zarbasini ijro etdi va zarbadan so'ng to'p olmaliqliklarning 22-raqamli vakiliga tegib, maydonga qaytdi. Bosh hakam Rustam Lutfullin qo'l bilan o'yin yo'qligini va qoidabuzarlik holati qayd etilmaganini ma'lum qildi. 

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda VAR hakami holatga aralashib, xato qilgan. To'p himoyachining qo'liga tegmagan. Shu bois, komissiya bosh hakamning qarorini qo'llab-quvvatlaydi va uni to'g'ri, deb topdi.



AdministratorMuallif
Manba: ЎзФҲМ матбуот хизмати