Yevropa Chempionlar Ligasi: Ertaga ikkinchi tur o'yinlari boshlanadi

Aziz Tukhtamuradov
28 sen 2015
"Barselona"ning bo'sh himoyasi, Mourinyoning "Portu"ga qaytishi, Kasilyasning rekordi va Qozog'istonda YCHL. Ushbu hafta YCHLda bo'lib o'tadigan e'tiborga molik o'yinlar va voqeliklar bilan tanishing.

"Barselona" - "Bayer", seshanba

Qiyin ahvolda qolgan "Barselona"


Kataloniyaliklar ushbu mavsumda 9 ta o'yindan 3 tasida o'z darvozalaridan 4 tadan gol olib chiqishdi va bor yo'g'i 2 ta o'yinda o'z darvozalari dahlsizligini saqlab qoldilar. Umumiy hisobda "Barsa" 17 ta gol o'tkazib yubordi. "Biz himoyadagi o'yinni muhokama qildik biroq, buning foydasi bo'lgani yo'q. Bu borada yana ish olib borishimiz kerak", degandi Luis Enrike mavsum boshlanishidan oldin. Lekin, ko'rib turganingizdek ahvol o'sha-o'sha. Bir tomonda esa Messi jarohat olib, ikki oyga safdan chiqqan...


"Yuventus" - "Sevilya", chorshanba

O'ziga kela olmayotgan "Yuventus"


O'tgan yilgi ikkinchi finalchining ahvoliga ham havas qilib bo'lmaydi. Italiyaning amaldagi chempionlari A Seriyadagi 5 ta o'yindan so'ng bor yo'g'i 5 ochko jamg'ara olganlar. Bir tomondan "Manchester Siti" ustidan qozonilgan g'alaba barchasi joyida ekanligini ko'rsatishi mumkin. Lekin, bu turda turinliklarga oson bo'lmaydi, raqib - "Sevilya".



"Portu" - "Chelsi", seshanba

Mourinyo "Portu"ga qaytmoqda



"Portu"da mashhurlikka erishgan Joze Mourinyo sobiq jamoasiga mehmon bo'lib boradi. 2004/05 yilda "Chelsi" bosh murabbiyi sifatida "Dragao"ga tashrif buyurgan Joze o'shanda 1:2 hisobida mag'lub bo'lgandi.

Kasilyas rekordga yaqin


"Portu" sharafini himoya qilayotgan ispaniyalik darvozabon Iker Kasilyas YCHLda 151 ta o'yinda maydonga tushgan. Agar u "Chelsi"ga qarshi o'yinda maydonga tushadigan bo'lsa YCHLda ko'p maydonga tushish bo'yicha Xavini ortda qoldiradi va yangi rekord sohibiga aylanadi.


"Malmyo" - "Real", chorshanba

Raul ortidan quvayotgan Ronaldu


"Real" futbolchisi Krishtianu Ronalduga madridliklar safida gol kiritish bo'yicha Raulning 323 ta gollik rekordini takrorlashiga uchta gol etishmayapti. Olti mavsumda Raulni rekordini takrorlash yaxshigina muvaffaqiyat hisoblanadi.


"Bavariya" - "Dinamo" Zagreb, seshanba

Mag'lubiyatga uchramayotgan zagrebliklar "Bavariya"ga qarshi


Zagrebning "Dinamo"si o'zi ishtirok etayotgan turnirlarda 45 ta o'yindan beri mag'lubiyatga uchramayotgan ekan. Jamoa so'nggi marotaba o'tgan yilning noyabrida "Astra"ga Yevropa Ligasi doirasida mag'lub bo'lgan. Birinchi turda "Arsenal" mag'lub etildi. Bu safargi raqib esa jiddiyroq - "Bavariya" va o'yin Myunxenda bo'lib o'tadi.


"Astana" - "Galatasaroy", chorshanba

Qozog'istonda ilk marotaba Chempionlar Ligasi

Chorshanba kuni Qozog'istonda ilk marotaba Yevropa Chempionlar Ligasining guruh o'yinlari bo'lib o'tadi. Qo'shnilarimiz o'sha kuni Turkiyaning "Galatasaroy" jamoasini mehmon qiladilar. Shuni ta'kidlab o'tish lozimki, turkiyaliklar 2013 yilning martidan beri safarda bo'lib o'tgan YCHL bahslarida g'alaba qozonmaganlar.


UEFA rasmiy sayti asosida Aziz To'xtamurodov tayyorladi


Aziz TukhtamuradovMuallif
Manba: championat.asia