Evgeniy Kochnev: “Agar yaxshi taklif bo'lmasa, Bangladesh chempionatiga qaytishim mumkin”

Narzulla Saydullayev
12 sen 2021
Buxorolik yarim himoyachi Evgeniy Kochnev bu mavsumda Bangladesh chempionatida o'tkazdi.

 Futbolchi “Uttarad Baritxa” sharafini himoya qildi. Kochnev mavsum yakunlari va kelgusidagi maqsadlari bo'yicha o'z fikrlarini bildirdi.

- Evgeniy, aslida Bangladeshga yo'l olishingiz qay tariqa amalga oshgandi?


- Mavsum boshida Bangladeshdan bir agent men bilan aloqaga chiqqan edi. U “Uttarad Baritxa” klubidan taklif bo'layotganini aytdi. Borib, sharoitlari bilan tanishib chiqdim. Shu tariqa, klub bilan shartnoma imzolagandim.

- U erdagi faoliyatingizdan qoniqish hosil qildingizmi?


- Albatta. Bosh murabbiy barcha o'yinlarda menga ishonch bildirdi. Klubim safida bir nechta gollarni ham urishga muvaffaq bo'ldim. Umuman olganda, mavsum men uchun omadli tarzda kechdi. Klubimiz yangi jamoa bo'lsa-da, ko'plab jamoalarga yaxshigina boshog'riq bo'ldi.

- Kelgusida ham faoliyatingizni Bangladeshda davom ettirmoqchimisiz?


- Barchasi kelib tushadigan takliflarga bog'liq. Agar birorta yaxshiroq taklif tushmasa, balki yana Bangladesh chempionatiga qaytishim mumkin. Chunki u erdan ham bir nechta jamoalar qiziqish bildirgan.

- Oxirgi yillarda Bangladeshda o'zbekistonlik futbolchilar soni oshmoqda. Bu nima bilan bog'liq?


- Chunki bizning futbolchilar juda yaxshi o'yin ko'rsatishmoqda. Mahalliy yigitlardan bir bosh ustun. Shu jihatidan klublar imkon qadar o'zbekistonlik futbolchilarni jalb qilmoqda.

- O'zimizning klublarimizdan ham takliflar tushmoqdami?


- Har qalay taklif bor. Biroq men o'zimda legioner sifatida to'p tepish istagi yuqoriligi sababli, chetga yo'l olmoqdaman.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia