Eshitdik-da! "Paxtakor"ga qarshi o'yindan so'ng Ilyos Zeytullaev iste'foga chiqarilishi mumkin. Rahbariyat ham o'zgaradi

Iskandarov Abdulaziz
14 iyun 2025
FIFA kunlaridagi tanaffusda jamoalarimizda o'zgarishlar shamoli esishni boshladi.

Xabaringiz bor, "Bunyodkor" jamoasi sport direktori Islom Inomov klubdan iste'foga chiqarildi. Ma'lumotlarga qaraganda, Inomov ortidan bosh murabbiy Ilyos Zeytullaevga ham chiqish eshiklari ko'rsatilishi kutilmoqda. Bugun "qaldirg'ochlar" "Paxtakor"ga mag'lub bo'lgan taqdirdagina ushbu o'zgarishlar yuz beradi. Bundan tashqari bosh direktor lavozimiga akademiyada faoliyat yuritib kelayotgan, bungacha "Metallurg"da uzoq yillar ishlagan Shavkat Saidov, sport direktorligiga Roman Chernikov tayinlanadi. Jamoani boshqa murabbiy qabul qilib oladi, lekin u kimligi hozircha noma'lum.

Ma'lumot uchun, Inomov va Zeytullaev tandemi o'tgan yili "Bunyodkor"ni qiyin vaziyatda Superligada olib qolishga erishgan, jamoa ko'rsatayotgan o'yin barchaga manzur kelgandi. Joriy yilda ham jamoa yomon ishtirok etayotgani yo'q. Yetakchilar "Neftchi", "Nasaf", OKMKdan ochko olishga muvaffaq bo'ldi.

Aftidan, klub tepasidagilar avvalgi voqealardan etarlicha xulosa chiqarishmagan ko'rinadi.


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia