Eshitdik-da! Ibrohim Ibragimov uchun "Paxtakor" va "So'g'diyona" jiddiy kurashmoqda

Tolibjon Qosimov
11 dek 2023, 16:34
Mamlakatimizda Superliga mavsumi o'z nihoyasiga etdi va jamoalar keyingi mavsum uchun tarkibni shakllantirish jarayonini boshlab yuborishgan.

"Championat.asia" olgan ma'lumotga ko'ra, o'tgan mavsumning 2-davrasini "Olimpik"da o'tkazgan yarim himoyachi Ibrohim Ibragimovga Superliganing birdaniga 4 klubi qiziqish bildirmoqda. Bular: "Bunyodkor", "Paxtakor", "So'g'diyona" va "Neftchi". Yuqoridagi klub vakillari allaqachon futbolchi bilan aloqaga chiqishgan va muzokaralar davom etmoqda.

Ibrohim Ibragimovning transfer huquqi Bekobodning "Metallurg" klubiga tegishli. Tomonlar o'rtasidagi kelishuv 2024 yilning 31 dekabrida nihoyasiga etadi. Bu degani 22 yoshli futbolchini o'z safiga qo'shib olmoqchi bo'lgan klub uni "Metallurg"dan sotib olishiga to'g'ri keladi. Ayni paytda Ibragimov uchun kurashda "Paxtakor" va "So'g'diyona" favorit bo'lib turibdi. Aynan shu ikki klub uning transfer huquqini sotib olishga tayyor. Demak, Ibragimov yangi mavsumni katta ehtimol bilan "sherlar" yoki "bo'rilar" tarkibida boshlaydi.


Eslatib o'tamiz, 22 yoshli Ibragimov ortda qolgan mavsum "Metallurg" va "Olimpik" tarkibida Superliga va O'zbekiston kubogida jami 24 ta o'yinda maydonga tushdi va 4ta gol urdi.


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: Championat.asia