Butrageno: "Benfika" bilan 60 yil davomida o'zaro uchrashuvlar bo'lmagan, endi esa bir oy ichida uchta o'yin o'tkazamiz"

Iskandarov Abdulaziz
31 yanv 2026
Madridning "Real" klubi jamoatchilik bilan aloqalar bo'yicha direktori Emilio Butrageno UEFA Chempionlar ligasi 2025/2026 mavsumi pley-off raundida "Benfika"ga qarshi bo'lajak bahslar haqida fikr bildirdi.

"Biz yana Lissabonda "Benfika"ga qarshi o'ynaymiz. Qizig'i shundaki, 60 yil davomida o'zaro uchrashuvlar bo'lmagan, endi esa bir oy ichida uchta o'yin o'tkazishimizga to'g'ri kelmoqda. Bizga esa ijobiy natija kerak.

Ular yaqinda kuchli o'yin namoyish etib, o'z sifatlarini ko'rsatishdi - bu esa birinchi uchrashuvga to'g'ri tayyorgarlik ko'rish, yaxshi natijaga erishish va "Santyago Bernabeu"dagi muxlislar qo'llab-quvvati ostida 1/8 finalga chiqishimizga yordam beradi. Biz maydonga faqat g'alaba maqsadi bilan chiqishimiz kerak. "Real" har doim yutuq uchun o'ynaydi. Javob uchrashuvi o'z uyimizda bo'lishiga qaramay, birinchi bahsdayoq g'alabaga bo'lgan intilishni ko'rsatish juda muhim.

Bizda istalgan lahzada o'yin taqdirini hal qila oladigan hujumchi futbolchilar bor va bundan unumli foydalanish zarur. Albatta, ishonchli himoya ham kerak, ammo jamoamizning kuchli tomonlaridan biri - hujum, va uni maksimal darajada ishga solish lozim.

Hozir bizda ikki hafta vaqt bor - mashg'ulotlar, jarohat olgan futbolchilarni tiklash va dam olish uchun. Bu davrni to'liq tayyorgarlikka bag'ishlashimiz shart. Biz bu bosqichga katta ishtiyoq bilan kiryapmiz: oldimizda jiddiy sinov turibdi, har bir o'yin bizni yoki titulga yaqinlashtiradi, yoki undan uzoqlashtiradi. Shuning uchun energiya va jamoaviy birlikni saqlab qolish juda muhim. Bizda ko'plab iqtidorli o'yinchilar bor, va imkoni boricha jarohatlanganlarni qaytarish kerak - Arbeloa uchun deyarli to'liq tarkibga ega bo'lish juda ahamiyatli", - deya Butragenoning so'zlarini keltiradi madridliklar rasmiy sayti.

Eslatib o'tamiz, Chempionlar ligasining umumiy bosqichi 8-turida "Real" "Benfika"ga 2:4 hisobida mag'lub bo'lgan edi. Pley-off uchrashuvlari 17 va 25 fevral kunlari bo'lib o'tadi.


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia