

Avvalgi o'yindan farqli ravishda Vadim Abramov uchrashuv kuni futbolchilarni trenajer zalida shug'ullantirgani yo'q. Balki shuning uchun bo'lsa kerak, yigitlar Belorus chempionati oliy ligasida 7-o'rinni egallab turgan, so'nggi uch o'yinda 7 ochko jamg'argan Gorodeyadan to'pni nazorat qilish borasida katta ustunlikka ega bo'lgandir?!
Gorodeya shu kuni o'z muxlislari ko'z o'ngida mag'lubiyatga uchramaslik uchun bor imkoniyatini ishga soldi. Ammo o'yinni tashkil qilish va to'pni nazoratida sezilarli darajada ustunlikka ega futbolchilarimiz mezbonlar darvozasini har bir bo'limda bir martadan ishg'ol qilib, amalda o'yin taqdirini hal qilishdi. Qolaversa, hakam hisob qisqarganidan keyin Farrux Ikromovga nisbatan ishlatilgan penaltiga tortadigan qo'pollikka ko'z yumdi. Bu xato uchrashuv yakunida jamoamizga qimmatga tushishi mumkin edi, lekin omadimiz keldi. Katta tezlikda qarshi hujumga o'tgan mezbonlarning so'nggi zarbasi darvoza to'siniga tegdi. Sanoqli santimetrlar Bunyodkorning g'alabasiga to'sqinlik qila olmadi.
O'RTOQLIK UCHRASHUVI
GORODEYA (Belorus) – BUNYODKOR - 1:2 (0:1)
Bunyodkor: Murodjon Zuhurov (Abdumavlon Abdujalilov, 46), Anvar G'ofurov (Valeriy Akopov, 71), Ulug'bek Abdullaev, Abdulla Abdullaev, Sanjar Qodirqulov, Dilshod Ahmadaliev (Muhammadodil Qahramonov, 59), Javohir Qahramonov (Boburbek Farhodov, 54), Nurillo To'xtasinov (Sanjar Rixsiboev, 81), Xurshid G'iyosov (Jasurbek Jaloliddinov, 61), Lutfulla To'raev (Farrux Ikromov, 67), Mirjahon Mirahmadov (Muhammad Diallo, 46; Vladislav Nuriev, 79).
Gollar: Maksim Rovbut, 34-o'z darvozasiga – 0:1. Muhammad Diallo, 58 – 0:2. Dmitriy Bayduk, 72 – 1:2.


