"Bu haqiqiy pastkashlik": Bosniya darvozaboni Donnarummaning qilmishini keskin qoraladi

Aslanov Jasurbek
6 apr 2026, 20:42
JCH-2026 yo'llanmasi hal bo'lgan Bosniya va Gertsegovina - Italiya uchrashuvidagi penaltilar seriyasi vaqtida yuz bergan janjal yangi tafsilotlar bilan boyidi.

Bosniyaliklar posboni Nikola Vasil italiyalik hamkasbi Janluiji Donnarummaning sportchiga xos bo'lmagan harakatlari haqida gapirib berdi.

Gap shundaki, "Inter" hujumchisi Franchesko Espozito penalti tepayotgan vaqtda Donnarumma raqib darvozabonining ko'rsatmalar yozilgan qog'ozini olib, uni yirtib tashlagan va maydonning chekkasiga uloqtirgan.

"Jidjo mening italyan penaltichilari haqidagi ma'lumotlar yozilgan qog'ozimni yirtib tashlashga urindi. Xayriyatki, murabbiylar shtabida yana bitta nusxa bor edi, biz har qanday vaziyatga tayyor edik. Rostini aytsam, ko'zlarimga ishonmadim, faoliyatimda birinchi marta bunday holatga duch keldim.

Biz Donnarumma bilan tortishib qoldik, keyin men hakamning yoniga borib, unga sariq kartochka berishi kerakligini tushuntirishga harakat qildim. Uning tutimi haqiqiy sportchiga xos bo'lmagan harakat edi. Yakunda biz g'alaba qozondik va ko'pchilik buni 'karma' deb atamoqda", - dedi Vasil.

Eslatib o'tamiz, Italiya penaltilar seriyasida 1:4 hisobida mag'lub bo'lib, ketma-ket uchinchi bor Jahon chempionatidan quruq qoldi. Bosniyalik bolboy esa keyinchalik Donnarummaning o'z "shpargalka"sini ham o'g'irlab kyetib, italiyalik darvozabondan o'ch olgan edi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: https://x.com/NicoSchira/