

Bu haqda uning opasi Katya Aveyru Xorvatiyaga qarshi pley-off uchrashuvi oldidan ma'lum qildi.
"Bu Krishtianuning terma jamoa safidagi so'nggi Jahon chempionati bo'ladi. U mamlakat uchun qo'lidan kelgan barcha ishni qildi va biz u bilan faxrlanamiz", - dedi Katya.
41 yoshli Ronaldu 2003 yildan buyon Portugaliya milliy jamoasi sharafini himoya qilib kelmoqda. Shu vaqt ichida u terma jamoa safida 220 dan ortiq o'yin o'tkazib, 140 dan ziyod gol urib, xalqaro futbol tarixidagi eng yaxshi to'purarga aylangan.
Ronaldu Portugaliya bilan birga 2016 yilgi Yevropa chempionati va 2019 yilgi UEFA Millatlar ligasida bosh sovrinni qo'lga kiritgan. JCH–2026 esa uning faoliyatidagi oltinchi Jahon chempionati hisoblanadi.
Agar bu ma'lumot tasdig'ini topsa, Xorvatiyaga qarshi bahs yoki Portugaliyaning turnirdagi so'nggi uchrashuvi Krishtianu Ronalduning milliy terma jamoa libosidagi oxirgi o'yini sifatida tarixga kirishi mumkin.



