Botir Mahmudov: “Viloyat futbolini yanada yuqori bosqichga olib chiqishga harakat qilaman”

Narzulla Saydullayev
24 may 2018
Toshkent viloyati futbol federatsiyasi doimo turli xil musobaqalarni o'tkazish, ommaviy futbolga e'tibor qaratish borasida boshqalarga o'rnak bo'lib kelgan desak aslo mubolag'a bo'lmaydi.

Bunda uzoq yillar federatsiyaning birinchi vice-prezidenti lavozimida faoliyat ko'rsatgan Shamil Yafarovning xizmati beqiyos. O'tgan yilning dekabr oyida Shamil aka nafaqaga chiqqach federatsiyaning faoliyatida pasayish kuzatilishi taxmin qilingan edi, ammo o'zining ortidan qoldirib ketgan shogirdi Shamil Gazisovichni uyaltirib qo'ymadi. Tajribali rahbarning o'rniga kelgan Botir Mahmudovning federatsiyadagi birinchi yili yomon o'tayotgani yo'q. Biz kuni kecha yangi rahbar bilan ko'rishib, federatsiya va o'zining faoliyati haqida suhbatlashdik.

- Federatsiyadagi faoliyatim o'tgan yili boshlangan. Ustozimiz, Shamil aka Yafarovning taklifiga ko'ra federatsiyada u kishiga yordam berib keldim. U kishi kaminaga “bu yil ish o'rganing, kelasi yil o'zingiz federatsiyani boshqarasiz”, der edi. Olti oy davomida bosh mutaxassis sifatida ishladim, Shamil akadan tajriba o'rgandim, qo'ldan kelgancha yordam berdim. Dekabr oyida Shamil aka nafaqaga chiqqanidan keyin vice-prezidentlikka men tavsiya qilindim. Shu erda hududiy federatsiyalarning vice-prezidentlari qay yo'sinda tayinlanishini aytib o'tsam. O'zbekiston futbol Associaciyasi viloyat hokimligiga tavsiya qiladi. Chunki amalda viloyat hokimi hududiy federatsiyaning prezidenti hisoblanadi. Shundan so'ng federatsiyada yig'ilish o'tkaziladi va tavsiya qilingan inson bu lavozimga loyiq-loyiq emasligi muhokama qilinadi. Agar barcha rozi bo'lsa, o'sha inson vice-prezident lavozimiga tayinlanadi. Kaminaning tayinlovi ham xuddi shu tartibda amalga oshdi. Kezi kelganda quyidagi ma'lumotni aytib o'taman: tez orada federatsiyamiz xuddi O'FA singari Associaciyaga aylanadi. Bugungi kunda kerakli hujjatlar topshirilgan. Rasman tasdiqlansa biz ham Associaciya maqomida faoliyat ko'rsatishni boshlaymiz.
 
Ishga kirishib olish qiyin kechmadimi? Albatta federatsiyani uzoq yillar boshqargan Shamil akani nafaqat o'zbek futbolida, balki viloyatdagi rahbarlar orasida ham o'z o'rni va hurmati bor edi. Bilasiz, hududiy federatsiyalar moliyaviy tomondan o'zini-o'zi boshqaradigan tashkilot hisoblanadi. Yani, biz o'zimizni o'zimiz boqishimiz kerak. Homiylik, badal pullari orqali kun kechiramiz, desam mubolag'a bo'lmaydi. Lekin asosan badal pullariga qarab qolganmiz. Federatsiyani Shamil aka boshqargan vaqtlarda homiylik bo'yicha viloyatdagi istagan tashkilotiga bemalol kirib, rahbarlar bilan gaplashib chiqar edi. Chunki aytganimdek, u kishini viloyatda barcha birdek hurmat qiladi. O'tgan yili federatsiyasiga ishga kelgan vaqtimdan boshlab, Shamil aka o'zi bilan kaminani barcha uchrashuvlarga olib bordi. Barcha rahbarlari-yu, futbol mutasaddilariga meni o'zining o'rniga keladigan vice-prezident sifatida tanishtirdi. Shuning uchun bo'lsa kerak, viloyatda ish boshlashim, uzoq yillardan buyon futbolda ish kelayotgan insonlar bilan til topishishim, bir-birimizni tushunishimiz qiyin kechayotganiyo'q.

Federatsiyaga vice-prezident bo'lib tayinlanganimdan keyin tashkilotimizning binosini o'zgartirdim. Ilgari Qibray tumanidagi kollej binosida ijara asosida faoliyat ko'rsatardik. Bugungi kunda federatsiyamiz viloyat markazi bo'lmish Nurafshon shahrida joylashgan. Bundan tashqari, federatsiyaga bir qator yoshlarni ishga oldik. Xususan, Xusan Xudoyberdiev, Aziza Ermatova va Elyor Intizomov kabi oliy ma'lumotli va o'zbek futbolida o'z nomiga ega yoshlar bilan ishlayapmiz. O'ylaymanki, bu yigit qizlar viloyat futbolini yanada rivojlanishiga katta hissa qo'shishadi. Qolaversa, Shamil aka Yafarov ham federatsiyamizni faxriy prezidenti hisoblanadi. Bu insondan doimo maslahat olib turamiz. Oddiy misol yaqinda 2-ligadan o'rin olgan bir uchrashuvda kutilmagan muammo chiqib, o'yin oxirigacha o'tkazilmay qolgan edi. Federatsiyada barchamiz yakuniy qarorni qabul qilish bo'yicha uch soatdan oshiqroq vaqt davomida bosh qotirdik. Bir to'xtamga kela olmagach, Shamil akaga qo'ng'iroq qildik. Tajribali inson bo'lgan voqealarni to'liq tinglab, odilona qaror chiqarib berdi.


Federatsiya bugungi kunda qaysi mablag'lar hisobiga kun ko'ryapti? Tabiiy savol. Bu haqida yuqorida aytib o'tdim. Federatsiya homiylik yoki badal pullarini hisobiga kun ko'radi. Shu bois, aksar hududiy federatsiyalarda moliyaviy tomondan muammolar bor. Xususan, biz ham bundan mustasno emasmiz. To'g'ri, hozirgi kunda tashkilotimizda bir necha xodim faoliyat ko'rsatmoqda. Ular o'z vaqtida maoshlarini olishmoqda. Ammo bu yilning qaysi oyiga qadar davom etishini oldindan aytish mushkul. Sababi, ikkinchi ligada ishtirok etadigan jamoalardan olinadigan badal pullarini biz nafaqat federatsiya xodimlari uchun balki turli xil musobaqalarda ishlaydigan hakam va nazoratchilarga ham sarflaymiz. Qolaversa, barcha klublar ham badal pulini to'lash imkoniyatiga ega emas. Viloyatimizda futbol to'xtab qolmasligini inobatga olgan holda badal pulini to'lay olmaydigan ayrim jamoalarga ham chempionatda ishtirok etishga ruxsat berganmiz. O'ylaymanki, moliyaviy tomondan bizda muammo bo'lmaydi. Boisi, bizga hokimiyat tomonidan va boshqa homiylar tarafidan mablag' ajratilishi haqida vada berilgan. Aytgancha, ilgari O'zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan hududiy federatsiyalarga mablag' ajratilar edi. Associaciyaga bu borada murojaat bilan chiqqanimizda bizga moliyaviy tomondan yordam berishlari haqida ma'lumot berishdi, lekin qachon ekanligi noma'lum.

Hozircha bu yil hisobidan rejalashtirgan ishlarimiz bir maromida davom etmoqda. Toshkent viloyati chempionatiga start berilganiga ancha bo'ldi. Jamoalar 10-tur bahslarini o'tkazib bo'lishdi. Avvalgi yillardan farqli ravishda bu yil birinchilikda 15ta klub qatnashmoqda. Yuqorida takidlaganimdek, ayrim jamoalar badal puli to'lamagan bo'lsa-da, barcha tumanlarimizda futbol bo'lishi uchun ularga ham chempionatda ishtirok etishga ruxsat berdik. Kubok o'yinlari odatdagidek, barcha musobaqalardan oldin boshlagandik. Hozirda turnirni hal qiluvchi o'yinlari qolgan. Bundan tashqari, o'zimizning ananaviy turnirlarimizdan Mixail An, Olim Ashirov va Vladimir Fyodorovning xotirasi uchun o'tkaziladigan “Hamyurtlar Kubogi”ni ham tashkil qildik. Bolalar musobaqasida 54ta jamoa 7 mintaqada g'oliblik uchun kurash olib bordi. Yakunda “Paxtakor” tarbiyalanuvchilari bosh sovrinni qo'lga kiritdi. Bundan tashqari, Nurafshon shahrida maktab o'quvchilari o'rtasida turnir tashkil qildik. Olimpiya tizimida o'tkazilgan o'yinlarda bir nechta maktab vakillari ishtirok etdi. Musobaqa bir oydan oshiqroq vaqt mobaynida o'tkazildi. Tez orada “Bolalar ligasi”ni ham boshlaymiz. Bundan tashqari, Respublika miqiyosida o'tkazilgan huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar o'rtasidagi musobaqada viloyat prokuraturasi xodimlaridan tashkil topgan jamoamiz g'oliblikni qo'lga kiritdi. Federatsiya bosh mutaxassisi Elyor Intizomov ustozlik qilgan jamoamiz barcha raqiblaridan ustun kelib, yakunda Respublikada tengsiz bo'lishdi. Ommaviy futbolni yanada rivojlantirish maqsadida mart oyida viloyatdagi tuman hokimliklari o'rtasida mini-futbol musobaqasini ham o'tkazdik. Viloyatdagi 14ta tuman, Nurafshon shahri va viloyat hokimiyati jamoalari o'rtasidagi turnirda Zangiota tumani hokimiyati xodimlaridan tashkil topgan jamoa tengsiz bo'ldi.

Umrimning ko'p qismini Yevropa davlatlarida o'tkazganman. U tomonlarda ham futbolsiz yashaganim yo'q. Zamonaviy futbol qay yo'sinda rivojlanayotganidan xabarim bor. Ko'p yillar davomida orttirgan tajribamdan kelib chiqib, albatta federatsiyaning imkoniyati doirasida viloyat futbolini yanada yuqori bosqichga olib chiqishga harakat qilaman. Buning uchun bor imkoniyatimni ishga solaman.

Furqatbek Nishonov suhbatlashdi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia