

Bugun Roselning sentyabr oyida sudda bergan ko'rsatmalari oshkor qilindi. 2010–2014 yillarda "Barselona" prezidenti bo'lgan Sandro Rosel o'z advokatining savollariga javob berar ekan, klubning "oltin avlodi"ni eslab o'tdi.
"Bizning jamoada Messi, Xavi, Inesta, Puyol, Valdes bor edi... Ularning barchasi "La Masiya" tarbiyalanuvchilari.
Bizda kuchli jamoa bo'lgani uchun g'alaba qozonganmiz. Va "janoblar klubi" buni tan olishi kerak. Yoki Yevropada ham janob Negreyra g'alaba qozonib berganmidi?" – dedi Rosel.
Eslatib o'tamiz, 2023 yilda "Barselona" va uning rahbariyatiga Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasi (RFEF) Hakamlar texnik qo'mitasi (CTA) sobiq vice-prezidenti Negreyraga pora berganlik ayblovi qo'yilgan edi. Sud ma'lumotlariga ko'ra, kataloniyaliklar 2001–2018 yillar davomida Negreyraga jami 7,7 mln evro to'lagan deb gumon qilinmoqda.


