Azizbek Haydarov: “Al-Jazira”ning Toshkentda o'ynashi “Bunyodkor” uchun yaxshi imkoniyat

Narzulla Saydullayev
1 dek 2014, 14:29
“Bunyodkor”ning sobiq a'zosi, so'nggi to'rt mavsumdan beri BAAning “Al-Shabab” klubida to'p tepib kelayotgan Azizbek Haydarov bilan bog'lanib, uning “pley-off”dagi raqibimiz “Al-Jazira” klubi haqida fikrlari bilan qiziqdik.
- To'rt yildan buyon BAA chempionatida ishtirok etib kelyapsiz. “Bunyodkor”ning navbatdagi raqibi “Al-Jazira” klubi haqida hammadan ham Siz yaxshi ma'lumotga egasiz. Aytingchi, “Al-Jazira” klubi qay darajada xavfli?
- “Al-Jazira” klubi har mavsum xuddi “Bunyodkor” kabi buyuk maqsadlarni ko'zlaydi. Abu-Dabi shahri jamoasi BAAdagi top klublardan hisoblanadi. Jamoa judayam kuchli. Klubning imkoniyatlari yaxshi bo'lganligi uchun har yili kuchli futbolchilar taklif etiladi. Natija yomonlashsa murabbiylar ham tez-tez o'zgaradi. “Bunyodkor” uchun engil o'yin bo'lmaydi, deb o'ylayman. Chunki “Al-Jazira” hozirgi holatda BAA chempionatida g'olib chiqishga bosh nomzodlardan biri.

- “Al-Jazira”ga qarshi kechadigan “pley-off” uchrashuvining Toshkentda o'tishi raqib uchun qay darajada muammo tug'diradi yoki bu jihatni “Bunyodkor”ga qulay tomonlari bormi?
- Ochig'ini aytsam, uchrashuvning Toshkentda o'tishi “Bunyodkor” uchun judayam zo'r imkoniyat, deb hisoblayman. Agar g'olibni aniqlab beradigan bitta o'yinlik bahs Abu-Dabida bo'lganida bu yuz foizlik arablar foydasiga xizmat qilardi. Fevral oyida “Bunyodkor”ning raqib maydonida to'p tepishi juda katta muammo keltirib chiqarardi. Shu boisdan ham “Bunyodkor”ning uyda o'ynayotgani sobiq jamoadoshlarimning imkoniyatini oshiradi. Yana qaytarib aytaman: “Al-Jazira” judayam kuchli jamoa. Ularga qarshi bu yerda to'p tepib, raqib a'zolarini ko'rib kelyapman. Bu jamoa tarkibida indvidual mahorati judayam baland futbolchilar jamlangan.

- “Al-Jazira”ning o'yin jihatdan kuchli va kuchsiz tomonlari haqida nimalar deya olasiz?

- Tarkib borasida so'zsiz “Al-Jazira” kuchli jamoa. Lekin ularning ham ojiz nuqtalari bor. Raqibning hujum chizig'i qanchalik kuchli bo'lsa, ikkita markaziy himoyachisi shunchalik kuchsiz, deb o'ylayman. O'ng qanot himoyachisi judayam qo'pol o'ynaydi va ko'p xato qiladi. Lekin u hujumga tez-tez qo'shilib turadi. Chap qanot himoyachisi esa juda katta hajmdagi ishni amalga oshiradi. Oldingi chiziqlarda esa asosiy kuch legionerlar zimmasiga yuklatilgan.

Bahodir Mirzaev suhbatlashdi

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcbunyodkor.com