

Birinchi ishtirok, vahimali raqiblar va nomdor yulduzlar... Bu omillarni chetga surib aytadigan bo'lsak, Jahon chempionati bir haqiqatni ko'rsatdi: to'g'ri tayyorgarlik va maydondagi to'g'ri yondashuv bilan har qanday raqibga qarshi o'ynash mumkin! Kolumbiya bilan ikkinchi bo'lim yoki Kongo DR bilan bahsning birinchi bo'limi yigitlarimizning potenciali qanchalik yuqori ekanini isbotladi. Demak, bizda baza bor, kuch bor. Xo'sh, bu borada taniqli sobiq futbolchi Azamat Abduraimovning fikri qanday?
Kongo DR bilan o'yin murabbiylar shtabiga ko'plab savollarni qoldirdi
- Albatta, terma jamoamizning Jahon Chempionatiga yo'llanma olgani - bu butun o'zbek futbolining ulkan yutug'idir. Bu yerda, Amerikada katta futbol bayrami muhiti ayniqsa yaqqol seziladi va biz eng zo'r futbol mamlakatlarining bir qismiga aylandik. Xyuston va Atlantadagi stadionlarda o'tirganimda, yurtimiz bayrog'i yozilib, O'zbekiston madhiyasi yangraganda, futbolimizdan juda katta faxrlanish tuyg'usini his qildim! Bu unutilmas edi!
Ikkinchi tomondan, terma jamoaning ishtiroki va yigitlarimizning o'yini yaxshi taassurot qoldirdi, deb ayta olmayman. Dastlabki ikkita o'yinni chetga surib turaylik, u yerda raqib bizdan ikki bosh baland edi. Mag'lubiyatlarsiz g'alabalar bo'lmaydi va bu tajriba ham bizga kerak bo'ladi. Ammo Kongo DR bilan o'yin ko'plab savollarni qoldirdi va bu savollar, avvalambor, terma jamoa murabbiylar shtabiga qaratilgan. Stadion tribunalaridan yigitlarning qanchalik harakat qilgani ko'rinib turdi. Sardorimiz Eldor Shomurodov menda juda katta hurmat uyg'otdi. Men uning qanday harakat qilganini, butun 90 daqiqa davomida o'zini o'yinga qanday bag'ishlaganini ko'rdim. Xuddi shu gapni boshqa futbolchilar haqida ham aytish mumkin, yigitlarning ko'zlari yonib turardi va birinchi bo'limni bekorga yutganimiz yo'q. Ammo ikkinchi bo'limda nima bo'lganini esa jiddiy tahlil qilish kerak. Bu vaziyatda Kannavaro boshchiligidagi murabbiylar shtabi na taktika tanlashda, na ruhiy tayyorgarlikda, na futbolchilarni almashtirishda o'zini ko'rsata oldi.
Kannavaro italyancha "avtobus"ni qo'ya olmadi
- Hozir, voqealarning issig'ida Kannavaro shtabining ishiga baho berish qiyin. Buning uchun vaqt o'tishi, his-tuyg'ularimiz bosilishi va texnik ko'rsatkichlarga nazar solish kerak. Biz qayerda imkoniyatni boy berdik, o'yinning qaysi komponentlarida oqsadik?
Va mening fikrimcha, Kannavaro murabbiylar kengashi oldida tayyorgarlik qanday o'tgani, u yoki bu futbolchilar nima uchun tarkibga jalb etilgani, qanday taktik ishlanmalar ustida ishlangani, qayerda xato va kamchiliklarga yo'l qo'yganimiz haqida albatta hisobot berishi kerak.
Kannavarodan eng katta hafsalam pir bo'lgan jihati shundaki, u jahon futbolidagi eng yaxshi himoyachilardan biri sifatida bizga himoyadagi o'yinni shakllantirib bera oladi, deb o'ylagandim. Yigitlarimizga o'z mahoratini o'rgatadi, futbol yulduzlari bilan o'yinlarda ularga ishonch bag'ishlaydi, deb umid qilgandim. Oddiygina qilib aytganda, Italiya futboli o'zining shu jihati bilan mashhur bo'lgan - himoyada futbolchilar soni hisobiga "avtobus” qo'yishni ham Kannavaro va uning shtabi uddalay olmadi. Himoyadagi tarkibni to'g'ri tanlay bilishmadi, darvoza chizig'i esa butunlay muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Jahon va Osiyo futbolidagi o'rnimizga tik va haqqoniy qarashimiz kerak
- Lekin so'zimning yakunida shuni takidlashni istardimki: Kongo DR bilan o'yinning birinchi bo'limi barchamizga unutilmas his-tuyg'ular, yigitlarimiz va o'zbek futboli uchun faxrlanish tuyg'usini taqdim etdi! Demak, biz gol ura olamiz, o'yinni nazorat qila olamiz, o'zimizga ishona olamiz va muvaffaqiyatga erisha olamiz. Shuning uchun, menimcha, JCH yakunlanganidan keyin qilingan ishlarni chuqur tahlil qilishimiz, jahon futbolida va Osiyo qitasida hozirda egallab turgan o'rnimizga tik va haqqoniy qarashimiz lozim. Jahon chempionati bizning darajamizni va eng zo'r futbol mamlakatlariga mos kelishimiz uchun hali qanchalik ko'p ishlashimiz kerakligini ko'rsatib berdi.


