Avstraliya 2034 yilgi JCH mezbonligi uchun ariza topshirmaydi

Sherzod Nurmatov
31 okt 2023, 18:55
Avstraliya Futbol Federatsiyasi (FFA) mamlakat 2034 yilgi Jahon chempionati mezbonligiga da'vogarlik qilmasligini ma'lum qildi.

"Biz futbol bo'yicha Jahon chempionatini o'tkazish uchun ariza berish imkoniyatini o'rganib chiqdik va barcha omillarni hisobga olgan holda, 2034 yilgi musobaqada bunday qilmaslik to'g'risida xulosaga keldik", – deyiladi tashkilot saytida.

Avvalroq Xalqaro Futbol Federatsiyasi (FIFA) Osiyo Futbol Konfederatsiyasi (AFC) va Okeaniya Futbol Konfederasiyasi (OFC)ni 2034 yilgi Jahon chempionati mezbonligi huquqi uchun da'vogarlik qilishga taklif qilgandi. Keyinroq Saudiya Arabistoni ham musobaqa mezbonligi uchun ariza topshirgandi.

Oktyabr oyi boshida FIFA 2030 yilgi Jahon chempionati uch qitaning oltita davlatida o'tkazilishini e'lon qildi. Musobaqaning asosiy tashkilotchilari Ispaniya, Portugaliya va Marokash hisoblanadi, biroq turnirning ilk o'yinlari Janubiy Amerikada o'tkaziladi – ularga Urugvay, Argentina va Paragvay mezbonlik qiladi.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: fifa.com