"Atletiko" Reshfordni o'z safiga qo'shib olmoqchi

Alisher Ostonov
20 dek 2025, 17:41
Madridning "Atletiko" klubi ayni damda ijara asosida "Barselona" sharafini himoya qilayotgan "Manchester Yunayted" hujumchisi Markus Reshfordga qiziqish bildirmoqda.

El Nacional nashri tarqatgan xabarga ko'ra, madridliklar kataloniyaliklarning 28 yoshli futbolchini olib qolish borasidagi rejalarini barbod qilishga umid qilmoqda. "Atletiko"dagilar Reshfordni klubga olib kelish uchun jiddiy qurbonliklarga ham tayyor.

Avvalroq, hujumchi "Manchester Yunayted" rahbariyatiga La Liganing boshqa klublaridan tushgan takliflarni ko'rib chiqmaslikni, chunki faoliyatini faqat "Barselona"da davom ettirishni istashini ma'lum qilgandi. Shunga qaramay, "Atletiko" Kataloniya klubidan ko'ra yaxshiroq shartnoma shartlarini taklif qila olishiga ishonmoqda.

Reshford joriy mavsumda "Barselona" safida 23 ta o'yinda maydonga tushib, 7 ta gol urdi va 11 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt ma'lumotlariga ko'ra, futbolchining bozor narxi 40 mln evroni tashkil qiladi.


Alisher OstonovMuallif
Manba: El Nacional