Asqar Umarov: "Zomin"ga rahbariyatning ruhiy daldasi etishmayapti. "Andijon"ning ikkinchi golini hakamlar uyushtirib berishdi"

Оқил Абдубарноев
27 may 2022
“Andijon” – “Zomin” (2:1) o'rtasidagi o'yindan keyin o'tkazilgan matbuot anjumanining dastlabki qismida mehmonlar bosh murabbiyi Asqar Umarov savollarga javob qaytardi.


O'yin haqida

- Bugun muxlislarga yoqadigan tomoshabop ruhdagi o'yin bo'ldi. Jamoamiz yigitlari butun uchrashuv davomida taslim bo'lishmadi, astoydil harakat qilishdi. "Andijon"ni g'alaba bilan tabriklayman. Jamoamizga rahbariyatning ruhiy daldasi etishmayapti. Moliyaviy qiyinchiliklarimiz bor. 

- "Zomin" Pro-ligada autsayder bo'lib qolishiga sabab nima?

- Albatta, muvaffaqiyatsizlikning asosiy sababi iqtisodiy muammoga borib taqaladi. Bugunga qadar ko'p oyliklarimizni olmadik. Bizga yaxshi xomiy bo'lganida natijalarimiz boshqacha bo'lardi. Shunday bo'lsa ham biz harakatdan to'xtab qolganimiz yo'q.

- Mavsum avvalida rahbariyat tomonidan jamoa oldiga qanday vazifa qo'yilgan?

- Oldimizga juda yuqori maqsad qo'yilmagan. Maqsadimiz Pro-ligada chiroyli o'yinlar ko'rsatish va ligada qolish. Mahalliy futbolchilar bilan bunga harakat qilayapmiz. O'tgan mavsum Birinchi ligada chempionlikni qo'lga kiritgan yigitlarni tarkibda saqlab qolganmiz.

- Jamoa sardori Eldor Karimov asli himoyachi bo'lsa-da, o'yin davomida turli ampulalarda harakat qildi, jumladan hujum chizig'ida. Bu nima bilan bog'liq?

- Bizda hujumchilar bilan bog'liq muammo bor edi. Eldor Karimov ko'p gol uradigan futbolchi, shu sabab uni hujum chizig'ida ham sinab ko'rdik. 

- "Andijon" bilan o'yindan oldin qanday natija kutgandingiz?

- Biz albatta o'zimizga kerakli natijani kutgandik. Bo'ydor futbolchilarga qarshi mashg'ulotlarda ishlagandik. Mezbonlarning ikkinchi golini hakamlar uyushtirib berishdi deb o'ylayman. Hakamlar qaror beradi, biz boriga chidaymiz. Biron narsa desang bo'lmaydi.

- Jamoa Birinchi ligaga tushib ketsa, taqdiri qanday kechadi?

- Jamoa taqdiri mutasaddilarning qo'llab-quvvatlashiga bog'liq. Bizda hozir imkoniyat bor, ligada qolishimiz mumkin. Yigitlarga ishonaman, ular hohlagan jamoani mag'lub eta olishadi. Bizga ruhiy dalda kerak, bizga ham "Andijon"dagi kabi xomiy kerak.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: championat.asia