"Arsenal" futbolchilari "Chelsi" do'konidan raqib jamoa paypoqlarini sotib olishga majbur bo'ldi

Оқил Абдубарноев
16 mar 2024
London derbisi "kanonirlar"ning savdo qilishi tufayli 30 daqiqaga kechikdi.

Ayollar o'rtasida Angliya chempionati doirasidagi "Chelsi" - "Arsenal" uchrashuvi 30 daqiqa kech boshlandi, sababi "kanonirlar" "Stemford Brij"ga noto'g'ri rangdagi paypoq (getri)lar olib kelishgandi.

"Arsenal" klub rasmiysining xatosi tufayli "Chelsi" do'konidan sotib olingan qora rangdagi paypoqlarda to'p tepishga majbur bo'ldi. Jamoa qizishish mashg'ulotlarida oq paypoqlarda maydonga chiqdi, biroq mezbonlar ham shu rangdagi paypoqda bo'lgani bois, o'yin komissari "to'pchilar"ga boshqa rangdagi paypoq kiyish talabini qo'ydi.

Noiloj qolgan "Arsenal" raqibning mehmondagi o'yinlarda foydalanadigan qora-ko'k getrilarini xarid qilishga majbur bo'ldi, futbolchilar klub emblemasi va ishlab chiqaruvchi hamkor logotipini berkitish uchun maxsus lenta taqqan holda maydonga chiqishdi.

Bellashuv "Chelsi" ayollar jamoasining 3:1 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlandi.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Independent