"Andijon" yig'iniga ikki nafar futbolchi qo'shildi

Aziz Tukhtamuradov
6 yanv 2023, 09:55
“Andijon”ning Dukent shaharchasi, “Yangiobod” o'quv-sport mashg'ulot bazasidagi tayyorgarlik yig'ini davom etmoqda.

Jamoa joylashgan qarorgohda hamma sharoitlar muhayyo bo'lib, barcha e'tibor faqat mashg'ulotlarga qaratilgan.

Ma'lumot uchun shuni ham qo'shimcha qilib o'tishim kerakki, bu yerda qilichbozlar, og'ir atletikachi, bokschilardan iborat O'zbekiston terma jamoasi vakillari ham o'z yig'inlarini o'tkazishadi. Shundan ham bilish mumkinki, sharoitlar va shug'ullanish uchun mo'ljallangan sport inshootlari a'lo darajada. 

"Andijon" kuniga ikki mahaldan mashg'ulotlar o'tkazyapti. Kecha kunning birinchi yarmida bosh murabbiy futbolchilarni yopiq manejda turli xil qiziqarli mashqlar yordamida shug'ullantirdi. Kechki paytdagi mashg'ulot esa stadion hududida bo'lib o'tdi. 

Muxlislarimizni tarkibga yangi qo'shilayotgan futbolchilar qiziqtirishi shubhasiz. Bu safar ular uchun yangilik sifatida shuni ma'lum qila olamizki, kecha jamoa safiga iqtidorli hujumchi Bobur Farhodov qo'shildi. 27 yoshli futbolchi 2022 yilgi chempionatda “So'g'diyona” hamda “Metallurg” klublarida to'p tepgan. 

Bundan tashqari, o'tgan yilgi mavsum bo'yicha "Andijon"ning eng yaxshi futbolchisi sifatida etirof etilgan Ildar Mamatkazin ham klub ixtiyoriga yetib bordi.


Aziz TukhtamuradovMuallif
Manba: t.me/FCANJAN