Yaxshiboev va "Nasaf"dagi Markoni nima bog'lab turibdi?

29 sen 2021, 05:24
Millionlab ishqibozlarga bayramona kayfiyat ulashgan Jasurbek Yaxshiboev O'zbekiston va Moldovada kun qahramoni!

"Paxtakor"ning asosiy tarkibiga kira bilmagan futbolchi "Santago Bernabeu"da kimsan, "Real Madrid" darvozasini ishg'ol qildi. Bu yashil maydonga ilk qadamlarini qo'yayotgan har bolakayning orzusi, shunday emasmi?

Shuningdek, "Real"ning mag'lub qilinishi Tiraspolning "Sherif" klubi tarixidagi eng yorqin g'alabaga aylandi. Mazkur jamoa hanuzgacha qita grandlarini mag'lub qila bilmagan edi.

Quyidagi jadvalga e'tibor qilsangiz, tiraspollik muxlislar hayotidagi eng yaxshi kunlarni yashayotgandek taassurot paydo bo'ladi. Mudom kamtarin bo'lib kelgan "Sherif" manmanlikni boshlab yubordi. Jamoa "Inter" (Milan), "Real" (Madrid), "Shaxtyor" (Doneck) bor guruhda yetakchilik qilyapti.

Shu o'rinda savol tug'iladi: "Sherif" bunga qadar "Real" darajasidagi klublar bilan to'qnashganmi edi? Yo'q. Moldova klubi YCHL saralashi va Yevropa Ligasi bahslarida qarshi chiqqan eng kuchli va nomdor jamoalar turk, rus va niderland jamoalari bo'lgan.

Trispolliklar bunga qadar top-ligalar vakili bilan 2 bor to'qnash kelishgan. Yevropa Ligasi kvalifikaciyasida "Marsel" bilan (2012) va musobaqaning guruh bosqichida "Tottenxem" bilan (2013).

Eng qizig'i, ayni paytda "Nasaf" sharafini himoya qilayotgan Marko Stanoevich o'sha yillarda "Sherif"ning yetakchisi hisoblanardi.

Bilasizmi, "Sherif" Yevropa Ligasi 2013 yilgi mavsumining guruh bosqichida "Anji" bilan ham to'qnash kelgan. 28 noyabr kuni Mahachqalada o'tkazilgan o'yinda jamoalarni Marko Stanoevich va Odil Ahmedov sardor sifatida maydonga boshlab tushgan edi.

Mezbonlarga atalgan turdan qiziq raqamlar: gol, kartochka...


Manba: championat.asia