Turkiya terma jamoasi futbolchilari haqida - Volkan Demirel

Narzulla Saydullayev
26 iyul 2013, 13:56
14 avgust kuni O'zbekiston milliy terma jamoasi Turkiyaga qarshi Toshkentda o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazishidan xabaringiz bor. Shu sababli biz o'yin bo'lib o'tadigan kunga qadar Turkiya terma jamoasining o'yinchilari bilan tanishtirib boramiz.
Dastlabki qahramonimiz terma jamoa asosiy posboni Volkan Demirel bo'ladi.

Volkan Demirel 1981 yil 27 oktyabrda Istanbulda tug'ilgan. Ushbu darvozabon suzishga, sayohat qilishga va sport avtomobillarini yig'ishga ishqiboz.

191 sm bo'yga ega bo'lgan posbon faoliyatini "Kartalspor" futbol maktabida boshlagan. Ushbu klubning kattalar jamoasida 50 dan ortiq o'yin o'tkazgach 2002 yil iyul oyida Turkiyaning eng kuchli klublaridan biri bo'lgan "Fenerbaxche" safiga ko'chib o'tgandi. Ushbu klubdagi debyutini keyingi yilning 26 aprel kunida nishonlagan Demirel keyinchalik jamoaning asosiy darvozaboniga aylandi.

2004 yildan boshlb terma jamoaga jalb etila boshlagan va ilk uchrashuvini 28 aprel kuni Belgiyaga qarshi o'rtoqlik uchrashuvida o'tkazgan. Demirel 2008 yil bo'lib o'tgan Yevropa chempionatida terma jamoaning asosiy posboni bo'lgan. O'sha chempionatda Turkiya yarim finalga qadar yetib borib katta shov shuv ko'targandi.

Qizig'i Demirel turkchaga "temir qo'l" deb tarjima qilinadi. U bugunga qadar Turkiya terma jamoasi safida jami 57 marta maydonga tushgan. Klublar doirasida esa hammasi bo'lib 368 ta o'yin o'tkazgan.

Volkan Demirel to'rt karra Turkiya chempioni hisoblanadi. Darvozabon "Fenerbaxche" safida 2004, 2005, 2007 va 2011 yillarda mamlakat chempioni bo'lgan. 2012 va 2013 yillarda Turkiya kubogi, 2007 va 2009 yillarda esa Turkiya Superkubogi sohibi bo'lgan. Yuqorida aytib o'tganimizdek 2008 yilgi Yevropa chempionatida bronza medal sohibi bo'lgan.

Demirel 2009 yil Belgiyada eng chiroyli ayol deb topilgan Zaynab Severga uylangan. Ularning to'yi 2010 yil sentyabr oyida bo'lib o'tgan.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia