Rafinya jiddiy jazoga tortilishi mumkin: UEFA braziliyalikning harakatlarini o'rganmoqda

Aslanov Jasurbek
15 apr 2026, 20:35
"Barselona" vingeri Rafinya YCHL 1/4 finali doirasidagi "Atletiko"ga qarshi javob bahsidan so'ng yuzaga kelgan vaziyat sababli UEFA tomonidan jazolanishi mumkin.

Ikki o'yin natijasiga ko'ra (2:0, 1:2) madridliklar yarim finalga yo'l olishdi. Jarohati sababli qaydnomaga kiritilmagan Rafinya uchrashuvdan so'ng "matraschilar" muxlislariga qarata turli ishoralar qilib, ularning jamoasi yarim finalda baribir musobaqadan chiqib ketishini ko'rsatgan. Bundan tashqari, braziliyalik futbolchi ijtimoiy tarmoqlarda o'yinni "o'g'rilik" deb atab, hakamlikdan shikoyat qilgan.

"As" nashrining xabar berishicha, ushbu holat UEFA nazoratiga olingan. Tashkilot nafaqat maydondagi, balki uning atrofidagi voqealarni ham diqqat bilan kuzatib boradi. Avvalroq shunga o'xshash holatlar uchun futbolchilar bir nechta o'yinga diskvalifikaciya qilingan edi.

Rafinyaning muxlislarga nisbatan qilgan ishoralari, ayniqsa, uning o'yin qaydnomasida yo'qligini hisobga olsak, juda salbiy kutib olindi. Keyinchalik "Barsa" a'zosi o'z ijtimoiy tarmoqlari orqali "Atletiko" ishqibozlaridan qilgan harakatlari uchun uzr so'radi.

UEFA intizom qo'mitasi ushbu masalada qanday qaror qabul qilishi tez orada ma'lum bo'ladi. Vaziyatni kuzatishda davom etamiz.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: As