PSJ yana o'sha bekatda to'xtadi

7 mar 2019, 11:26
Kecha YCHL nimchorak final doirasidagi javob o'yinlari bo'lib o'tdi.

Parijda PSJ "Manchester Yunayted"ni qabul qilgan bo'lsa, "Dragau"da "Portu" "Roma"ni mehmon qildi.

Dastlabki o'yinda Manchestyerda ishonchli g'alaba qozongan PSJ, o'z uyidagi javob bellashuvida yana irodasizligini namoyish etdi. PSJ Parijdagi bahsda ikki to'p farqidagi ustunlikni MYUga boy berdi. Shu tariqa PSJ ketma-ket uchinchi mavsum YCHLda nimchorak finalda to'xtatilmoqda. Jamoa bunga qadar "Barselona" bilan to'qnashuvda 4:0 hisobidagi ustunlikni saqlab qololmagandi. O'tgan mavsum esa boshqa bir ispan klubi "Real" tomonidan musobaqadan chiqarib yuborilgandi. Joriy mavsumda PSJ Angliya grandi "Manchester Yunayted" bilan qarama-qarshilikda dastlabki o'yindagi ustunlikni saqlab qololmadi.

Parijliklar oxirgi 7 mavsumdan buyon YCHLda uzog'i chorak finalga qadar borishdi. Dastlab jamoa ketma-ket to'rt marotaba chorak finalga qadar borgan bo'lsa, so'nggi 3 mavsumdan buyon nimchorak finaldayoq to'xtashmoqda.

"Portu" esa dastlabki o'yinda Rimda "Roma"ga mag'lub bo'lganiga qaramasdan javob bellashuvida vaziyatni o'z foydasiga hal etdi. Jamoa so'nggi bor 2014/15 yilgi mavsumda chorak finalda o'ynagandi. Oxirgi uch mavsumdan buyon esa uzog'i guruhdan chiqib nimchorak finalda to'xtayotgandi.



Qayd etish kerakki, "Portu" jamoasi o'z tarixida ikki (1986/87, 2003/04) marotaba Yevropa Chempionlar ligasida g'olib chiqqan.

"Manchester Yunayted" esa YCHLda uch bor (1967/68, 1998/99, 2007/08) g'oliblikni qo'lga kiritgan.

"Roma" bilan bo'lgan bahsda "Portu" dastlab birinchi o'yindagi tafovutni yo'qqa chiqardi va qo'shimcha taymlarda penalti evaziga chorak final chiptasiga egalik qildi.

Shu tariqa kechagi o'yinlarda birinchi bahsda yutqazgan jamoalar yakunda chorak final masalasini hal etishdi.

Eslatib o'tamiz, kelasi haftada YCHL nimchorak final doirasidagi yana to'rtta o'yin o'tkaziladi. Unda "Bavariya" - "Liverpul" (0:0), "Manchester Siti" - "Shalke" (3:2), "Barselona" - "Lion" (0:0) va "Yuventus" - "Atletiko" (0:2) juftliklari chorak final chiptasi uchun kurashishadi.

Hozircha esa "Ayaks", "Tottenxem", "Manchester Yunayted" va "Portu" chorak finalga yo'l olishdi.

"Real", "Borussiya" Dortmund, PSJ va "Roma" jamoalari YCHLdagi ishtirokini nimchorak finaldayoq yakunlashdi.

Qiziq tarafi, YCHLning joriy mavsumidagi eng ko'p gol urgan (PSJ-20), eng ko'p darvozaga aniq zarba yo'llagan (PSJ-57), eng ko'p burchak zarbasini amalga oshirgan ("Real"-69) va eng ko'p aniq uzatmani ("Borussiya"-5231) amalga oshirgan jamoalar chorak finalga chiqa olishmadi.


Manba: championat.asia