O'zbekistonda "Benfika" bilan hamkorlikda futzal akademiyasi tashkil qilinadi

Aslanov Jasurbek
24 okt 2026, 17:02
O'zbekiston futzal federatsiyasi prezidenti Bekzod Mamatqulov Portugaliyaga xizmat safari doirasida Lissabon shahridagi mashhur “Benfika” klubi qarorgohiga tashrif buyurib, klub vice-prezidenti Tomash Barrozu bilan uchrashdi.

Muzokaralarda O'zbekiston va Portugaliya futzal klublari o'rtasidagi hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, tajriba almashish, qo'shma o'quv-mashg'ulot yig'inlarini tashkil etish hamda o'zbekistonlik murabbiylarning Yevropaning yetakchi klublarida malaka oshirishi bo'yicha fikr almashildi.

Uchrashuvning eng muhim mavzularidan biri - O'zbekistonda zamonaviy futzal akademiyasini tashkil etish masalasi bo'ldi. Tomonlar akademiya faoliyatini yo'lga qo'yishda Portugaliya, xususan, “Benfika”ning yosh iqtidorlarni aniqlash, selekciya qilish, tarbiyalash va asosiy jamoa uchun yuqori saviyali o'yinchilar tayyorlash borasidagi boy tajribasidan foydalanish yuzasidan kelishuvga erishdi.

Mazkur loyiha orqali yosh futzalchilarni tizimli ravishda saralash va tayyorlash, murabbiylar malakasini oshirish hamda Yevropa tajribasiga asoslangan zamonaviy futzalchilar tayyorlash tizimini O'zbekiston futzaliga tatbiq etish ko'zda tutilmoqda. Bu esa mamlakatimizda futzalning yangi avlodini shakllantirish yo'lida muhim loyihalardan biriga aylanishi kutilmoqda.

Erishilgan kelishuvlarning davomi sifatida “Benfika” futzal klubi mutaxassislari tez orada O'zbekistonga javob tashrifini amalga oshirishi bo'yicha ham to'xtamga kelindi. Tashrif davomida iqtidorli yosh futzalchilarni saralash, ularning mahoratini oshirish hamda istiqbolda Portugaliya klublarida tajriba orttirishi uchun imkoniyatlar yaratish masalalari ko'rib chiqiladi.

Mazkur kelishuvlar O'zbekiston futzalida yosh istedodlarni professional tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish yo'lidagi muhim qadam bo'lishi kutilmoqda.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: https://t.me/Futsal_Uzbekistan