O'zbekiston milliy terma jamoasi Xitoydagi turnirda ishtirok etadimi?

Iskandarov Abdulaziz
25 iyul 2026, 12:30
Superliganing 13-tur uchrashuvlariga bag'ishlangan navbatdagi podkast dasturida futbol ekspertlari O'zbekiston milliy terma jamoasining kelgusi rejalari va tarqalgan so'nggi mish-mishlarga to'xtalib o'tishdi.

Xususan, taniqli sport jurnalisti Nodirxo'ja Yuldashev terma jamoaning oldindagi o'yinlariga oid insayd ma'lumotlari bilan o'rtoqlashdi.

Dastur davomida Nodirxo'ja Yuldashev Xitoy ommaviy axborot vositalari tarqatgan xabarlarga e'tibor qaratdi. Unga ko'ra, Xitoy Janubiy-Sharqiy Osiyo Kubogida ishtirok etishdan bosh tortib, o'z o'zidan yangi xalqaro turnir tashkil qilishni rejalashtirmoqda. Ushbu musobaqada Xitoyga Falastin, KXDR, Tojikiston va O'zbekiston terma jamoalari raqiblik qilishi kutilmoqda.

Nodirxo'ja Yuldashev: “Bir necha kun oldin O'FA vakillaridan bu ma'lumotning qanchalik haqiqatga yaqinligini so'raganimda, ular buni rad etishdi. Ularning takidlashicha, sentyabr oyining oxirida Toshkentda ikkita o'yin o'tkaziladi, oktyabr oyi boshida esa yana ikkita safar uchrashuvi rejalashtirilgan. O'FA mazkur masala yuzasidan rasmiy bayonot bersa, saytimizda e'lon qilamiz”.

O'z navbatida, Narzulla Saydullaev mazkur vaziyatga mantiqiy yondashib, Xitoydagi turnirda milliy emas, balki qaysidir yosh toifasidagi terma jamoamiz qatnashishi ehtimoli yuqori ekanligini taxmin qildi.

Narzulla Saydullaev: “Shimoliy Koreya - Osiyo Kubogidagi to'g'ridan-to'g'ri raqibimiz hisoblanadi. Ular bilan qita birinchiligi oldidan o'rtoqlik turnirida kuch sinashish mantiqan biroz g'alati. Agar turnirga milliy terma jamoamiz yo'l olsa ham, tashkilotchilar tomonidan KXDR bilan to'qnash kelmaslik choralari ko'rib chiqilsa kerak. Shu bilan birga, turnirda yoshlar jamoalarining ishtirokini ham o'ylab ko'rish mumkin. Lekin U-23 terma jamoamiz bu vaqtda Osiyo o'yinlarida band bo'ladi, U-20 terma jamoamizni esa boshqa davlatlarning asosiy milliy jamoalariga qarshi o'ynata olmaymiz”.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia