Ildar Sakaev - “Mashal” PFK bosh murabbiyi

25 apr 2026, 21:08
“Mashal”ga yangi bosh murabbiy tayinlandi.

“Muborakning “Mashal” professional futbol klubi rahbariyati jamoaning kelajakdagi strategik rejalari va oldiga qo'yilgan yuqori maqsadlaridan kelib chiqqan holda, Ildar Usmanovich Sakaevni bosh murabbiy etib tayinladi. Tomonlar o'rtasidagi kelishuv joriy yilning yakuniga qadar amal qiladi.

Ildar Sakaev o'zbek futbolida katta tajribaga ega bo'lgan, sohaning ichki tizimini mukammal biladigan mutaxassislardan biri hisoblanadi. U futbolchilik faoliyati davomida “Navbahor”, “Kosonsoychi”, “So'g'diyona” kabi jamoalarda yarim himoyachi va hujumchi sifatida to'p surgan. Murabbiylik faoliyatida esa “Oq-tepa”, “Andijon” va “Yangier” kabi klublarni boshqarib, muxlislar va mutaxassislar etirofiga sazovor bo'lgan. Ayniqsa, uning “Andijon” klubidagi faoliyati davomida jamoani Proligadan Superligaga olib chiqqani murabbiyning yuqori salohiyatidan dalolat beradi. 

So'nggi yillarda Ildar Sakaev “Mashal” klubi tizimida sport direktori va akademiya direktori lavozimlarida muvaffaqiyatli mehnat qilib keldi. U klubning ichki muhitini, akademiyadagi yosh iqtidorlarning imkoniyatlarini va jamoaning umumiy strategiyasini juda yaxshi biladi. Aynan mana shu omillar va murabbiyning boy tajribasi uning ushbu mas'uliyatli lavozimga tayinlanishiga asos bo'ldi. Yangi bosh murabbiy oldiga jamoaning turnir jadvalidagi mavqeini mustahkamlash, akademiya tarbiyalanuvchilarini asosiy tarkibga integraciya qilish va muxlislarga yoqadigan mazmunli o'yin namoyish etish vazifalari qo'yilgan. 

“Mashal” PFK jamoasi Ildar Usmanovichga kelgusi faoliyatida va qo'yilgan maqsadlarga erishishda ulkan zafarlar tilaydi”, - deyiladi klub xabarida.


Manba: fkmashal.uz