

Gretsiyalik mutaxassis o'yindan keyingi matbuot anjumanida jamoasining xatolari va Qatardagi yig'in yakunlariga to'xtaldi.
“O'zimiz istagan natijaga erisha olmagan bo'lsak-da, bu o'yindan foydali saboqlar oldik. Ulardan to'g'ri xulosa chiqarishimiz kerak.
Dastlabki 60 daqiqada diqqatni jamlay olmadik. Raqibga ko'plab imkoniyatlar yaratib berdik va ular bundan foydalanib, ikkita gol urishdi. So'nggi yarim soatda esa futbolchilarimiz ijobiy munosabat bildirib, o'yinni o'zgartirishga harakat qilishdi”, – dedi Donis.
Shuningdek, murabbiy mag'lubiyatga qaramay, yig'indan qoniqish hosil qilganini ta'kidladi.
“Yig'inni ko'plab ijobiy jihatlar bilan yakunladik. Eng muhim yutuqlardan biri – terma jamoaga yangi qo'shilgan futbolchilarning imkoniyatlarini kuzatib, baholab oldik.
Bu bosqich biz uchun 40 nafar futbolchidan iborat asosiy nomzodlar guruhini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Terma jamoada iqtidorli yosh futbolchilar bor va ularni qo'llab-quvvatlashimiz zarur.
Hozirgi asosiy vazifamiz – xatolardan saboq chiqarib, kelajakda ularni takrorlamaslik. Shu bilan birga, barcha futbolchilarga o'zini ko'rsatish imkoniyatini berishda davom etamiz”, – dedi mutaxassis.
Eslatib o'tamiz, 17 noyabr kuni Dohadagi “Jassim bin Hamad” stadionida o'tkazilgan uchrashuvda O'zbekiston terma jamoasi Saudiya Arabistonini 2:1 hisobida mag'lub etdi. Jamoamizning har ikki goliga Sherzod Esanov mualliflik qildi.

