Doniyor Abdumannopov: "Maqsad doim yuqori qo'yiladi. Amalda ko'rsatish kerak"

Iskandarov Abdulaziz
13 fev 2026, 10:45
"Andijon" klubi Turkiyaning Antaliya shahrida yangi mavsum oldidan o'quv-mashg'ulot yig'inini qizg'in tarzda davom ettirmoqda. Jamoa futbolchilari tayyorgarlik jarayonida maksimal darajada ish olib borayotgani kuzatilmoqda.

Jumladan, Doniyor Abdumannopov ham murabbiylar ko'rsatmalarini bajarish, o'z mahoratini oshirish ustida jiddiy mehnat qilmoqda. Klub matbuot xizmati futbolchi bilan yig'in haqida suhbat uyushtirdi.

- Antaliya yig'ini yuqori kayfiyatda o'tayotganini ko'ryapmiz. Tayyorgarlik jarayoni haqida nima deysiz?

- Assalomu alaykum. Yig'in yaxshi o'tyapti. Qishki tayyorgarlikda asosiy e'tibor jismoniy holatga qaratiladi. Jamoaga yangi futbolchilar keldi, ular bilan bir-birimizni tushunish uchun ko'proq o'yinlar o'tkazyapmiz. O'yindan o'yinga jamoaviy harakatlar yaxshilanmoqda. Xudo xohlasa, chempionatga yaxshi formada boramiz.

- Yig'in davomida o'rtoqlik uchrashuvlari ham tashkil etilmoqda. Xorij klublariga qarshi bahslar sizga nimalar beryapti?

- Har bir o'yinda o'z harakatlarimni tahlil qilayapman. Asosan xatolar ustida ishlayapman.

- Yangi mavsumda jamoa oldiga jiddiy maqsadlar qo'yilgan. Shaxsan o'zingiz yangi mavsumdan nimalar kutyapsiz?

- Maqsad doim yuqori bo'ladi. Buni amalda isbotlash kerak. Biz harakat qilamiz va qolganini Yaratgandan so'raymiz.

- Yangi mavsumni So'g'diyonaga qarshi o'yin bilan boshlaysizlar. Ilk tur muhitini qanday tasavvur qilyapsiz?

- "Bobur arena"da muxlislar qo'llab-quvvatlashi doim ajoyib bo'ladi.

- "Andijon" safida 33-raqamni tanladingiz. Bu raqam nima bilan bog'liq?

- 33-raqamda aynan "Andijon"da futbol o'ynay boshlaganman. Shuning uchun men uchun qadrli raqam hisoblanadi.


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: "Андижон" матбуот хизмати