UPDATE yoki yangilanishga tayyormisiz?
16 mar 12:56
Yangiliklar


UPDATE yoki yangilanishga tayyormisiz?
Tashrifdan maqsad shu edi. Faoliyatini "Roma"da davom ettirayotgan Eldor Shomurodov o'zi tug'ilib o'sgan Surxondaryoda bolalar futbol maktabini tashkil etishni maqsad qilgan va buning uchun kuchli mutaxassisga ehtiyoj sezgan. Natijada Daniele Andreocci Surxondaryoda bolalar futboliga bo'lgan etiborni o'z ko'zi bilan ko'rish, vaziyatni o'ganish hamda mahalliy murabbiylar bilan tanishish uchun Shomurodov bilan maslahat qilgach, O'zbekiston tomon parvoz qilgan.
Ikki kunlik tashrifdan so'ng italiyalik mutaxassis ortga qaytar chog'ida ko'rishdik. Kechki mahal bir piyola choy ustida qator mavzular ko'tarildi. Mister Andreocci ketar chog'ida aprel-may oylarida yana kelishini aytib o'tdi. Suhbatdagi mavzulardan biri murabbiylar masalasi, ularning malakasi haqida bordi.
Shunda men so'radim: "Jahon futbolida ham murabbiylar ancha yoshardi. Bugun futbolni tugatgan sobiq futbolchilar ertasi kun birorta klubda ish boshlayapti. Lekin yoshi kattalar ham yo'q emas. Masalan, Italiyaning o'zida Klaudio Raneri 73 yoshda bo'lishiga qaramay, hamon A seriyada ishlamoqda yoki bo'lmasa, "Atalanta" ustozi Jan Pero Gasperinini olaylik. Ushbu murabbiy 67 yoshda va o'tgan yil "Atalanta" bilan Eropa Ligasida zafar quchdi. Buning sabablari nimada? Yoshi ulug' murabbiylar hamon o'z so'zini aytib kelmoqdaki, ularning uslubi, futbolga qarashi eskirmadimi?"
Bu savolni berganimda Andreocci shunday javob qaytardi: "Yaxshi savol. Gap shundaki, Raneri, Gasperini kabi murabbiylar hamon o'zlarini "Update" qilib turishadi, yani doim yangilik va o'zgarishlar bilan yonma-yon yurishadi, shu bois ham ular "eskirib" qolayotgani yo'q. Har bir murabbiy o'z bilimini yangilab turishi bugungi zamon talabi bo'lib qoldi. Futbolga yangi texnologiya kirib keldi, qarash o'zgaryapti, bu esa murabbiylarga ham tasir qilmay qo'ymaydi. Yani, kimki o'zini "Update" qilib tursa ishlashda davom etadi, takliflar bo'laveradi. "Update" qilmagan murabbiy ishsiz qoladi yoki natija keltirmaydi".
To'g'risi, Andreoccining javobi yoqdi. Har holda ko'pni ko'rgan mutaxassis emasmi, savolga chiroliy va eng muhimi, oddiy til bilan javob qaytardi. Kechasi Nodirxo'ja Yuldashev bilan italiyalik mehmonni aeroportga kuzatib, ortga qaytar ekanmiz murabbiylar mavzusi haqida albatta nimadir yozishim kerak, chunki bu davr talabi, bo'lib ham juda dolzarb mavzu degan o'y xayolimdan ko'tarildi. Va shu on o'zimga o'zim savol berdim: bizda ham murabbiylar o'zlarini "yangilab" turishadimi?
Hammamiz smartfon ishlatamiz, qo'l telefonimizda har xil ilovalar bor va tez-tez falon ilovani yangilang, shu-shu narsa qo'shildi degan xabarnomalar kelib turadi. Yoki bo'lmasa ilovada nimadir ishlamay qolsa, "obnovleniya" qiling, keyin ishlab ketadi degan javobni olasiz. Natijada yangilangan ilovada muammo birpasda hal bo'ladi, ham eng xirgi "versiyasi"ni telefoningizga o'rnatib olasiz.
"Update", "obnovleniya", "yangilash" turli tillarda talaffuz qilingani bilan bitta mano beradi. Yangilanish insonda ham bo'lishi shart, ayniqsa hozirgi zamonda. Futbolda-ku gapirmasa ham bo'ladi. Yangicha taktika ustida bosh qotirish, futbolchini yangi bosqichga olib chiqish, yangi texnologiyadan foydalanish, yangilikka o'ch bo'lish, yangi metodikani qo'llash - bular murabbiylik sohasida hamnafas tushunchalar bo'lib qoldi.
Biz hozir bitta taktika besh yil foyda keltiradigan zamonda yashamayapmiz. Yoshlar otilib chiqyapti va tabiiyki ular yangilikka o'ch. Superligada faoliyat olib borayotgan Ilyos Zeytulaev, Ivan Boshkovich kabi murabbiylarni olaylik. Ular yangilikka o'ch, ular nimadir yangi narsa qilishni xohlayapti, yangi metodika ortidan quvishyapti va buning uchun erinmay o'qib-o'rganishga tayyor. Va savol tug'iladi: ularni kim o'qitadi, ular qaerdan o'rganadi? Faqat internet orqali turli saytlarni titkilab o'tiradimi yoki Youtubeda video ko'radimi?
To'g'ri, o'rganishning usullari ko'p va ijtimoiy tarmoqlar shuning bir bo'lagi bo'lib qoldi. Siz masalan, ingliz tilini tarmoqlar orqali ham o'rganishingiz mumkin, bepul video ko'rib ham bilimni oshirsa bo'ladi, lekin baribir ustoz o'rgatgan boshqa. Muloqotda ko'p narsa ayon bo'ladi. Siz tarmoqni o'qiysiz, eshitasiz, ammo jonli muloqot qila olmaysiz.
O'z savollaringiz baribir ichkarida qolib ketaveradi. Savollarga esa inson javob beradi. Kompyuter beradigan javob haminqadar, baribir inson bilan muloqot boshqa.
Bizda hakamlar tez-tez yig'ilib turli seminarlar tashkil etib turadi. Hakamlarning shu odatiga besh ketaman. Xatolar tahlil qilinadi, qabul qilingan qarorlar to'g'ri-noto'g'riligi o'rganiladi, bir necha yildirki hakamlarimiz doim izlanishda. Lekin nima uchundir shu kabi holatni murabbiylarda ko'rmaymiz. Bu esa 5-10 yildirki o'ylantirib keladi. Faraz qiling, Superliga murabbiylari ham yig'ilib o'zaro fikr almashsa, qancha-qancha mavzularni o'rtaga tashlasa bo'ladi. Futbolimiz qaerga ketyapti, futbolchilarimiz o'syaptimi kabi savollar o'rtaga tashlanadi, hamma o'z fikrini bildiradi.
O'qituvchilar malakasini oshirish uchun qanchadir muddatda o'qishga keladi, nega murabbiylarda shu narsa yo'q? Biz murabbiylarni faqat licenziyaga o'qish chog'ida birga ko'ramiz. Nima uchun licenziya olganidan keyin ham ularni bir joyga yig'ib nimadir brifinglar tashkil qilmaymiz? Nega hakamlar har oy yig'ilib seminar o'tkazadi-yu, murabbiylarga kelganda ularning hech vaqti bo'lmaydi?
Hakamlar yaxshi o'rgansin deb FIFA, OFKdan instruktor jalb etamiz. Ular kelib dars o'tadi. Yaqin-orada kimdir murabbiylarga ham shunday dars o'tdimi? Licenziya uchun tahsil olayotgan "talabalar"ga emas, klublarda, terma jamoalarda ishlab turgan murabbiylarga? Bu juda kerak. Chunki biz murabbiylarning bir joyda qotib qolishini xohlamaymiz. Futbolchilarimiz ertasi ular qo'lida.
Oddiy misol. Qatorasiga besh yildirki hujumchi bo'lmagan Cheran to'purarlikni qo'lga kiritayotgani murabbiylarni qanchalik o'ylantiradi? O'zbekistondan hujumchi chiqmayotganining o'zi butun boshli mavzuga sabab bo'lmaydimi? Nima uchun bu haqda faqat OAV bong urishi kerak? Kelinglar, murabbiylar ham yig'ilib shuni ko'tarsin, ular o'z fikrini OAV bilan bo'lishsin, bu hammaga qiziq tuyulmaydimi?
Bu o'rinda O'FAning roli juda katta bo'lishi kerak. PFL musobaqa o'tkazuvchi tashkilot. Lekin O'FA o'zbek futboli kelajagini belgilab beradi. Har bir yoshdagi terma jamoaga har oy yig'in tashkil etgan bilan nimadir o'zgarib qolmaydi. O'FA birinchi navbatda futbolning buguni va ertasi haqida bosh qotirishi lozim. Murabbiylar malakasini oshirish ham O'FA qo'lida.
Masalan, PFL yilda bir marta bo'lsa ham marketolog, media kishilari, stadionga masul shaxslar, xavfsizlik bo'yicha xodimlarni yig'ib seminar o'tkazib kelyapti. Ammo murabbiylarni yig'ib, dolzarb mavzularni o'rtaga tashlash PFL zimmasidagi ish emas, buni O'FA qilishi kerak. Bizga o'z ustida ishlaydigan, yangicha metodikadan boxabar, qisqasi o'zini munatazam "yangilab" turadigan murabbiylar nihoyatda zarur. 70dan ziyod Pro licenziyasi bor mutaxassis bo'lgani bilan ular bilan tez-tez ishlab turilmasa, har qanday bilim vaqti kelib unutiladi.
Buni amalga oshirsa bo'ladimi? Bo'ladi, albatta. Masalan, FIFA kunlaridan foydalanib murabbiylar uchun ko'p emas 3-5 kunlik o'qish tashkil etsa bo'ladi. Klublar murabbiylari uchun alohida, terma jamoa murabbiylari uchun alohida va bolalar murabbiylari uchun alohida. Xorijda ko'p mashhur murabbiylar oliy o'quv yurtlarida futboldan dars o'tadi, ko'pchilikda hatto unvon ham bor. Shunday mutaxassislarni taklif etib ham nimadir qilish mumkin.
Unutmang, bilimda baribir gap ko'p. Natija bugunniki, lekin bilim ertani belgilab beradi.
X.Xoliqov.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar